Bolalarni paxta dalasidan maktab partasiga qaytardik — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev «1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni» arafasida «Yangi O‘zbekiston» universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashdi. Davlat rahbari ta’lim sohasidagi islohotlar, pedagoglarning jamiyatdagi o‘rni va kelgusidagi vazifalar haqida gapirdi.
Paxta dalasidan maktab partasiga
Prezident ta’lim tizimidagi islohotlarning eng katta natijalaridan biri sifatida bolalar va o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytarilganini ta’kidladi.
«Biz bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning qayd etishicha, so‘nggi o‘n yilda 1,8 mln o‘rinli bog‘chalar va 1,5 mln o‘rinli maktablar barpo etilgan. Shuningdek, 10 mingdan ortiq bog‘cha va maktab zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.
Davlat rahbari ta’limda nafaqat binolar va sharoit, balki uning mazmuni ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
«Biz bugun bolaga nimani bersak, ertaga uning natijasini mamlakat kelajagida ko‘ramiz», – dedi prezident.
Avvalroq o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlangandi.