
O‘zbekiston terma jamoasining ikki sportchisi – aralash yakkakurash vakili Nodirbek Shavkatov va kanoechi Pavel Eygelning doping namunalarida taqiqlangan moddalar aniqlangan. Xalqaro test agentligi (ITA) ularni «Aichi-Nagoya – 2026» Osiyo o‘yinlari davrida vaqtincha chetlatdi.
ITA ma’lumotiga ko‘ra, hozircha har ikki sportchiga nisbatan ehtimoliy antidoping qoidabuzarligi bo‘yicha ish davom etmoqda. Yakuniy qaror hali chiqarilmagan.
Shavkatov namunasida meldoniy aniqlandi
Nodirbek Shavkatovdan 22-sentabr kuni Yaponiyada musobaqadan tashqari doping nazorati vaqtida namuna olingan.
Laboratoriya tekshiruvida uning namunasida meldoniy aniqlangan. Ushbu modda WADA taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan va musobaqa vaqtida ham, undan tashqarida ham qo‘llash taqiqlanadi.
Pavel Eygel namunasida trimetazidin topildi
Kanoe bo‘yicha O‘zbekiston vakili Pavel Eygeldan 23-sentabr kuni Yaponiyada olingan namunada trimetazidin aniqlangan.
Bu modda ham WADA tomonidan taqiqlangan. Trimetazidin ayrim yurak kasalliklarini davolashda qo‘llanadigan dori vositasi hisoblanadi.
Sportchilar vaqtincha chetlatildi
Har ikki sportchi ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha diskvalifikatsiya qilingan.
Shu sabab ular «Aichi-Nagoya – 2026» Osiyo o‘yinlari davomida musobaqalarda qatnashishi, mashg‘ulot o‘tkazishi, murabbiylik qilishi yoki boshqa sport faoliyatida ishtirok etishi mumkin emas.
ITA ish davom etayotgani sababli yakuniy qaror chiqmaguncha qo‘shimcha izoh bermasligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Akbar Jo‘rayev Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Og‘ir atletikachi dast ko‘tarishda 197 kg, siltab ko‘tarishda 226 kg natija qayd etdi. Ikki mashq yakunida Jo‘rayevning umumiy natijasi 423 kg ni tashkil qildi va u mutlaq g‘olib bo‘ldi.