Oltin 4 foizga arzonlashdi, O‘zbekistonda narxlar qanday

Jahon bozorida oltin 28-sentabr kuni so‘nggi uch oydagi eng keskin pasayishni qayd etdi: dekabr fyucherslari bir kunda 4% arzonlashdi. 30-sentabr holatiga oltinning joriy narxi bir unsiya uchun $4 173 atrofida bo‘lib turibdi. O‘zbekistonda esa 100 grammli oltin quymaning sotuv narxi 178,846 mln so‘mni tashkil etmoqda.
MarketWatch ma’lumotiga ko‘ra, 28-sentabrdagi 4 foizlik pasayish 10-iyundan buyon eng katta bir kunlik tushish bo‘ldi. Savdolar yakunida oltin narxi avgust boshidan beri eng past darajaga tushgan.
Oltin nega arzonlashdi
Oltin narxiga AQSh davlat obligatsiyalari daromadliligining keskin oshishi bosim qilmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQShning 10 yillik obligatsiyalari daromadliligi 2007-yil iyunidan beri eng yuqori darajaga chiqqan.
Freedom tahlilchisi Vladimir Chernovning izohiga ko‘ra, yuqori foiz daromadi beradigan obligatsiyalar bunday sharoitda investorlar uchun oltindan jozibadorroq bo‘lib qoladi. Chunki oltinning o‘zi foiz daromadi keltirmaydi.
AQSh dollarining mustahkamlanishi ham oltin uchun qo‘shimcha bosim yaratmoqda. Dollar qimmatlashganda oltin boshqa valyutalarda xarid qiladigan investorlar uchun qimmatroq bo‘ladi. Xitoyda ham bayram haftasi oldidan oltin xaridlariga talab pasaygani qayd etilgan.
Oltin narxi yana $4 173 dan oshdi
30-sentabr kuni oltin narxi bir unsiya uchun $4 173,42 atrofida bo‘ldi. Kun davomida metall $24,90 yoki 0,60% ga qimmatlashgan.
Shu tariqa 28-sentabrdagi keskin pasayishdan keyin oltin narxida qisman tiklanish kuzatilmoqda.
Chernov uzoq davom etadigan keskin tushishni kutmayapti. Uning fikricha, markaziy banklarning oltin xaridlari hamda Hindistondagi mavsumiy talab narxlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
O‘zbekistonda oltin quymalar qancha turadi
Markaziy bankning 29-sentabr holatidagi narxlariga ko‘ra, oltin quymalar quyidagi narxlarda sotilmoqda:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qadoqi but holatda qayta sotib olish |
|---|---|---|
| 5 gramm | 8,942 mln so‘m | 7,8 mln so‘m |
| 10 gramm | 17,885 mln so‘m | 15,6 mln so‘m |
| 20 gramm | 35,769 mln so‘m | 31,2 mln so‘m |
| 50 gramm | 89,423 mln so‘m | 77,999 mln so‘m |
| 100 gramm | 178,846 mln so‘m | 155,998 mln so‘m |
Qadoq buzilgan yoki quyma texnik talablarga mos kelmagan holatda qayta sotib olish narxi bundan pastroq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NKMK daromadi oshdi, oltin ishlab chiqarish xarajatlari esa 42 foizga ko‘paygani haqida xabar berilgandi.