Qoraqalpog‘istonda 200 ta tender bo‘yicha shubhali holatlar aniqlandi

eʼlon qilindi
Ayrim tenderlarda ishtirokchilar o‘zaro kelishgan holda qatnashgani va ayrim korxonalar doimiy g‘olib bo‘lgan
Davlat xaridlari
Foto: Depositphotos.com

Qoraqalpog‘istonda davlat xaridlari va tanlov savdolari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda yuzlab qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi ma’lum qildi.

2026-yilning yanvar – iyun oylarida umumiy qiymati qariyb 41 mlrd so‘mlik 345 ta tanlov savdosi tahlil qilingan. Natijada 32,1 mlrd so‘mlik 317 ta davlat xaridida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid 842 ta holat aniqlangan. Qo‘mita 2025-yilda etender.uzex.uz platformasi orqali o‘tkazilgan yana 200 ta tanlovni ham o‘rgangan. Ularning boshlang‘ich qiymati 1,6 mlrd so‘mdan oshgan. Mazkur tenderlar yo‘l qurilishida foydalanilgan materiallar va bajarilgan ishlar sifatini laboratoriyada tekshirish, shuningdek, sinov bayonnomalari va laboratoriya xulosalarini tayyorlash xizmatlarini xarid qilish bilan bog‘liq bo‘lgan. Tahlil davomida buyurtmachi va ayrim ishtirokchilarning harakatlarida raqobatga qarshi kelishuvlar hamda muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari aniqlangan.

Ayrim korxonalar tenderlarda doimo g’olib bo’lgan

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayrim ishtirokchilar tenderlarda hududlar bo‘yicha o‘zaro taqsimlangan holda qatnashgan. Ba’zi korxonalar muntazam ravishda birga ishtirok etgan va natijada muayyan ishtirokchi doimiy ravishda g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, taklif etilgan narxlarda bir xil va sinxron yondashuvlar kuzatilgan. Ayrim holatlarda laboratoriya sinov bayonnomalari tender o‘tkazilishi va shartnoma tuzilishidan oldin rasmiylashtirilgan. Ba’zi shartnomalar bo‘yicha esa ishlar G‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tgan kunning o‘zida yoki ertasi kuni to‘liq bajarilgani haqida hisob-fakturalar tuzilgan.

Mas’ullar bo‘yicha hujjatlar sudga yuborildi

Maxsus komissiya buyurtmachining harakatlarida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganini aniqladi. Aniqlangan holatlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi. Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.

Avvalroq «Kursiv» Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xaridlar markazi tomonidan tibbiy jihozlar xaridi uchun o‘tkazilgan tender bekor qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek