Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan mamlakat pedagoglariga tabrik yo‘lladi. U tabrigida ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar, o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.
O‘qituvchilar uchun yangi davlat mukofoti ta’sis etiladi
Prezident ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, 2026-yilda «Yil o‘qituvchisi» tanlovining tuman va shahar bosqichidagi 208 nafar g‘olibiga 616 mln so‘mdan mukofot berilgani qayd etildi. Kelgusi yildan bunday rag‘batlantirish mexanizmlari bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalariga ham joriy qilinishi aytildi.
40 ming o‘qituvchi $1 mingdan ortiq maosh olmoqda
Tabrikda ta’lim sohasidagi so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot berildi. Hozir mamlakatda 40 ming o‘qituvchi oyiga $1 ming, 1,5 ming nafari esa $2 mingdan ziyod maosh olayotgani ta’kidlandi.
So‘nggi 10 yilda 1,8 mln o‘rinli bog‘cha va 1,5 mln o‘rinli maktablar barpo etilgani, 10 mingdan ziyod bog‘cha va maktab zamonaviylashtirilgani qayd etildi.
Oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 205 taga, oliy ta’lim qamrovi esa 45 foizga yetgani ma’lum qilindi.
O‘quvchilar 228 ta medalni qo‘lga kiritdi
2026-yilda O‘zbekiston o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda 228 ta medal qo‘lga kiritgani qayd etildi. Shuningdek, xorijiy til va fan sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilar soni 100 ming nafarga yetgan.
Prezident Samarqandda yakunlangan Butunjahon shaxmat va parashaxmat olimpiadalarida O‘zbekiston yoshlarining tarixiy natijalarini ham alohida ta’kidladi.
PISA xalqaro tadqiqotida O‘zbekistonning 15 yoshli o‘quvchilari tabiiy fanlarni o‘zlashtirish bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egallagani ham qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev tabrik yakunida o‘qituvchi va murabbiylarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va sharafli faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Avvalroq Mirziyoyev O‘zbekistonning kelajagi va yoshlarning yutuqlarida o‘qituvchi hamda murabbiylarning mehnati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagandi.