«Yangi Bank»ning Toshkentdagi bosh ofisi sotuvga qo‘yildi

«Yangi Bank» AJga tegishli bino va inshoot sotuvga qo‘yildi. Bu haqda E-auksion – elektron savdo platformasida e’lon qilindi. Obyekt Toshkent shahri Yunusobod tumani, Amir Temur shohko‘chasi, 99-uyda joylashgan bo‘lib, Bino avval bankning bosh ofisi sifatida foydalanilgan. Sotuv «Yangi Bank» AJ Tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Bino besh qavatdan iborat
Obyektning yer maydoni 2 540 kv.m, umumiy bino maydoni esa 3 648 kv.mni tashkil etadi. Foydali maydon 2 548,36 kv.mga teng. Shuningdek, obyekt tarkibida 54 kv.m o‘zboshimchalik bilan qurilgan qism ham bor. Uning foydali maydoni 49,15 kv.mni tashkil etadi.
Obyektdan bank yoki ofis sifatida foydalanish mumkin
Bino bank va ofis infratuzilmasiga moslashtirilgan. Undan bank, fintex kompaniyasi, korporativ bosh ofis, IT-markaz yoki boshqa biznes faoliyati uchun foydalanish mumkin. Obyekt Milliy bank bosh binosi va «Bodomzor» hududi yaqinida, transport qatnovi qulay bo‘lgan ishbilarmonlik markazida joylashgan.
Avvalroq «Kursiv» «Davr bank» nomini o‘zgartirilishi haqida yozgan edi.