Yaponiya tarixda ilk bor hayvonlar kafelarini tekshira boshladi

Yaponiya hayvonlar kafelarini mamlakat miqyosida tekshirishni boshladi. Bu mamlakat tarixida bunday muassasalarni qamrab olgan ilk keng ko‘lamli tekshiruv bo‘lib, unda hayvonlarning saqlanish sharoiti, sanitariya va odamlar bilan aloqasi o‘rganiladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Kafelarda qanday hayvonlar borligi tekshiriladi
Tekshiruv doirasida mamlakatdagi hayvonlar kafelarining soni, ularda qanday hayvonlar saqlanishi va tashrif buyuruvchilar bilan qanday sharoitda muloqot qilishi aniqlanadi.
Gap faqat mushuk va itlar haqida emas. Yaponiyada boyo‘g‘li, suvsar, sug‘ur va boshqa ekzotik hayvonlar bor kafelar ham faoliyat yuritadi.
Hukumat bunday joylarda hayvonlarning farovonligi, gigiyena va odamlar salomatligi bilan bog‘liq xavflarni baholamoqchi.
Ayrim kafelarda noyob hayvonlar ham saqlanadi
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, hayvonlar kafelarida yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar ham uchrashi mumkin.
WWF va Xokkaydo universiteti tadqiqotida ayrim kafelarda saqlanadigan hayvonlar orasida himoyaga muhtoj turlar borligi qayd etilgan.
Mutaxassislar bunday muassasalarda odamlar va hayvonlar o‘rtasidagi yaqin aloqa kasalliklarning yuqish xavfini ham oshirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Yaponiyada bu soha uchun maxsus qoidalar yetarli emas
Hozircha Yaponiyada hayvonlar kafelarining barcha turlarini qamrab oluvchi maxsus tartibga solish tizimi mavjud emas.
Shu sababli hukumat tekshiruv natijalaridan foydalanib, hayvonlarning saqlanishi va tashrif buyuruvchilar xavfsizligiga oid yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Tekshiruv bilan birga aholiga hayvonlar bilan yaqin aloqa qilishning ehtimoliy sanitariya va sog‘liq xavflari haqida tushuntirish ishlari ham olib boriladi.
Yaponiya dunyodagi eng yirik uy hayvonlari bozorlaridan biri hisoblanadi. 2024-yilda mamlakat tirik sudralib yuruvchilar va sutemizuvchilar importi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda bo‘lgan.
Avvalroq Yaponiyada kuchli «Dujuan» tayfuni sabab olti prefekturada 1,9 mln dan ortiq kishilarga evakuatsiya ko‘rsatmasi berilgandi.