Ishdan bo‘shatilgan ayrim xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanadi

eʼlon qilindi
58 – 60 yoshdagi erkaklar va 53 – 55 yoshdagi ayollar
Как легально увеличить размер своей пенсии в Узбекистане
Foto: Moliya vazirligi

Ayrim asoslar bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilingan 58 – 60 yoshdagi erkaklar va 53 – 55 yoshdagi ayollar muddatidan oldin yoshga doir pensiya olishlari mumkin. Buning uchun belgilangan mehnat stajiga ega bo‘lish va uch oy davomida maqbul ish topilmagan bo‘lishi kerak.

Kimlar muddatidan oldin pensiya olishi mumkin

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra, mehnat shartnomasi ayrim asoslar bo‘yicha bekor qilingan:

  • 58 – 60 yoshdagi, umumiy mehnat staji kamida 25 yil bo‘lgan erkaklar;
  • 53 – 55 yoshdagi, umumiy mehnat staji kamida 20 yil bo‘lgan ayollar

muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilishi mumkin.

Avval uch oy davomida ish qidiriladi

Buning uchun fuqaro Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tegishli so‘rov yuboradi. Arizaga mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruq nusxasi ilova qilinadi.

Agar fuqaroning mehnat staji to‘liq raqamlashtirilmagan bo‘lsa, mehnat daftarchasi nusxasi ham taqdim etiladi.

Mahalliy mehnat organi taqdim etilgan hujjatlarni ikki ish kuni ichida tekshiradi. Shundan so‘ng fuqaro ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi va unga uch oy davomida maqbul ish topish choralari ko‘riladi.

Agar shu muddat ichida maqbul ish topilmasa, fuqaro ishsiz deb e’tirof etiladi. Shundan keyin muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun tegishli taqdimnoma Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi.

Pensiya tayinlanganidan so‘ng ishsizlik nafaqasini to‘lash keyingi oydan to‘xtatiladi. Mazkur davlat xizmati uchun to‘lov undirilmaydi.

Bo‘shatilgan xodimga uchinchi oy uchun ham ish haqi berilishi mumkin

Yangi tartibda mehnat shartnomasi ayrim asoslar bo‘yicha bekor qilingan shaxslar bo‘shatilgan ish joyidan uchinchi oy uchun ham o‘rtacha oylik ish haqini olishlari mumkin.

Buning uchun xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 30 kalendar kun ichida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi kerak.

Belgilangan 30 kunlik muddat o‘tganidan keyin berilgan murojaat ko‘rib chiqilmaydi.

Avvalroq O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha farmon loyihasiga ko‘ra, 2027-yil yakuniga qadar xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek