Isroillik santexnik Flydubai samolyotini qutqarib qoldi

eʼlon qilindi
U samolyot boshqaruvini ushlab turgan
Fodo: CDNN

Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai samolyotida ikkinchi uchuvchi kapitaniga hujum qilganidan so‘ng yo‘lovchilardan biri kabinaga kirib, samolyot boshqaruvini vaqtincha o‘z qo‘liga olgan. Hodisa Saudiya Arabistoni havo hududida yuz bergan.

Yo‘lovchi kabinaga kirgan

The Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot parvozdan taxminan 2,5 soat o‘tib favqulodda signal yuborgan. Shundan so‘ng u keskin pastlagan va bir paytning o‘zida 37 soniyada 15 ming futga tushib ketgan.

Yo‘lovchi Yaniv Hayun kabinaga kirganida ikkinchi uchuvchini boshqaruv pulti yonida ko‘rganini aytgan. U uchuvchini ushlab, kabinadan chiqarib yuborgan va boshqa yo‘lovchilardan uni nazorat qilishda yordam so‘ragan.

Shundan keyin Hayun yana kabinaga qaytib, samolyot boshqaruvini ushlab turgan. Keyinchalik bortdagi boshqa uchuvchilar boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan.

Ikkinchi uchuvchi hibsga olingan

Hodisa vaqtida samolyot kapitani – Hindiston fuqarosi Smit Machchhar – ikkinchi uchuvchi tomonidan jarohatlangan. U kabinadan chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Do‘stining The Telegraph’ga ma’lum qilishicha, uchuvchi operatsiyadan keyin barqaror holatda bo‘lgan.

Samolyot Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga qo‘ngan. Hodisa ortidan ikkinchi uchuvchi hibsga olingan va so‘roq qilingan.

Uning shaxsi, voqea sababi va motivi hozircha rasman tasdiqlanmagan. The Telegraph manbalariga ko‘ra, u O‘mon fuqarosi bo‘lishi mumkin.

Isroil rasmiylari terakt ehtimolini tekshirmoqda

Isroil xavfsizlik idoralari samolyotni ataylab Isroil shahriga qulatish rejasi bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda. Bir necha manba tergovning asosiy yo‘nalishlaridan biri 11-sentabr hujumlariga o‘xshash ssenariy ekanini bildirgan.

Biroq bu versiya hozircha yakuniy tasdiqlanmagan. Flydubai ham hodisa motivi tergov qilinayotganini bildirib, «erta xulosalar» chiqarmaslikka chaqirgan.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats esa hodisani «jihadchilar hujumi urinishi» deb atagan va samolyot yo‘lovchilarning qahramonligi tufayli qutqarilganini ta’kidlagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham Yaniv Hayun bilan uchrashib, uni qahramon deb atagan.

Avvalroq Isroil Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga favqulodda qo‘ngan Flydubai samolyotidagi fuqarolarini mamlakatga qaytarish uchun samolyot yuborishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek