Mirziyoyev: Sun’iy intellekt inson huquqlarini himoyalashga xizmat qilishi kerak

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII kongressi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Davlat rahbari sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar inson manfaatlari hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilishi kerakligini ta’kidladi.
«Inson qadri uchun» g‘oyasi asosiy mezonga aylangan
Prezidentning qayd etishicha, bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, ijtimoiy tengsizlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, noqonuniy migratsiya hamda kiberjinoyatchilik kabi muammolar xalqaro huquq tamoyillari va davlatlar o‘rtasidagi ishonchni sinovdan o‘tkazmoqda.
Bunday sharoitda Konstitutsiyaning ustuvorligi davlat suvereniteti, jamiyat barqarorligi va taraqqiyotning muhim sharti hisoblanadi.
«Inson qadri uchun» g‘oyasi davlat organlari faoliyati va qonunlarning mazmunini baholashda asosiy mezonga aylangani ta’kidlandi.
Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani belgilangan. Shuningdek, qonunchilikdagi ziddiyat va noaniqliklarni inson foydasiga talqin qilish hamda huquqiy ta’sir choralarining mutanosibligi konstitutsiyaviy qoida sifatida mustahkamlangan.
Konstitutsiyaviy sudlarning roli qayd etildi
Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy nazorat organlari qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, inson manfaatlarini himoya qilish va davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy mezonlar asosida faoliyat yuritishini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Prezident sudyalarning mustaqilligini ham adolatli sudlovga bo‘lgan huquqning muhim kafolati sifatida baholadi.
Uning ta’kidlashicha, Osiyo davlatlarining Konstitutsiyalari va sud amaliyotlari turlicha bo‘lsa-da, inson qadri, adolat, sudyalar mustaqilligi va qonun ustuvorligi umumiy qadriyatlar sifatida barcha mamlakatlarni birlashtiradi.
Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi
O‘zbekiston Assotsiatsiyaga raislik qilayotgan davrda Osiyoda huquqiy muloqotni yangi bosqichga olib chiqish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratayotgani bildirildi.
Kongress yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Hujjat raqamli davrda konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan umumiy yondashuvlarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Prezident umumiy maqsad sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarni inson manfaatlari hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirish, ularni shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan vositaga aylantirishdan iborat ekanini bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining Xivadagi to‘rtinchi biznes forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘llagandi.