O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Suriyani 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Fabio Kannavaro shogirdlari uchrashuv davomida to‘rtta gol urib, o‘z darvozasidan 1 ta to‘p o‘tkazdi.
Esanov va Mozgovoy birinchi bo‘limda gol urdi
O‘zbekiston hisobni 28-daqiqada ochdi. Sherzod Esanov Suriya darvozasini ishg‘ol qilib, terma jamoani oldinga olib chiqdi.
Birinchi bo‘lim yakunlanishiga bir daqiqa qolganida Akmal Mozgovoy hisobni 2:0 ga yetkazdi.
Ikkinchi bo‘limning 49-daqiqasida esa Husayin Norchayev O‘zbekistonning uchinchi golini kiritdi. 4-golni ham Norchayev kiritdi.
O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi g‘alabasini qayd etdi
O‘zbekiston terma jamoasi bundan avval 24-sentabr kuni Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. O‘sha bahsda Eldor Shomurodov ikki marta, Husayin Norchayev esa bir marta gol urgan.

Shu tariqa Kannavaro boshchiligidagi jamoa sentabr oxiri va oktabr boshidagi xalqaro o‘yinlarda ketma-ket ikki g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Keyingi o‘yin Janubiy Koreyaga qarshi
O‘zbekiston terma jamoasi Suriya bilan uchrashuvdan so‘ng 6-oktabr kuni safarda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi.
Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvlari O‘zbekistonning 2027-yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarligi doirasida o‘tkazilmoqda. Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan turnirda O‘zbekiston «B» guruhida Bahrayn, Shimoliy Koreya va Iordaniya bilan bahslashadi.
Avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi. U jamoaning «yurakdan o‘ynagani»ni alohida ta’kidlagandi.