Ronalduning opasi Portugaliya terma jamoasi va jurnalistlarni tanqid qildi

eʼlon qilindi
U Ronalduni himoya qilgan
Foto: Formula.tv

Krishtianu Ronalduning opasi Elma Aveiro futbolchining Portugaliya terma jamoasi yig‘inini tark etishidan so‘ng ijtimoiy tarmoqda uni himoya qildi. U Portugaliya terma jamoasi atrofidagi muhit va mahalliy jurnalistikani tanqid qilgan. Bu haqda A Bola xabar berdi.

«CR7 ko‘proq hurmatga loyiq edi»

Elma Aveiro Instagram’dagi hikoyasida Ronaldu haqidagi postni «Hammasi aytib bo‘lindi» mazmunidagi izoh bilan ulashgan.

Ushbu postda Ronaldu ko‘proq hurmatga loyiq ekani, Portugaliya terma jamoasiga esa yaxshiroq tashkiliy sharoit kerakligi aytilgan.

Post muallifi Portugaliya jurnalistikasini ham tanqid qilib, unda ko‘proq professionallik va kamroq taxminlar bo‘lishi kerakligini bildirgan.

Elma Aveiro bu fikrlarni Ronaldu terma jamoa yig‘inini tark etganidan keyin ommaga chiqardi.

Ronaldu ketish sabablarini keyinroq aytadi

Ronaldu 30-sentabr kuni Portugaliya terma jamoasi qarorgohini tark etganini o‘zi ham tasdiqlagan. Futbolchi bosh murabbiy Jorje Jezusning matbuot anjumanidan keyin federatsiya prezidenti Pedro Proensa bilan suhbatlashganini va shundan so‘ng yig‘indan ketishga qaror qilganini bildirgan. U terma jamoadan ketishining sabablarini keyinroq tushuntirishini aytgan.

Avvalroq Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgandi. Qaror «qaytarib bo‘lmaydigan» ekani va 41 yoshli futbolchi endi terma jamoa safida o‘ynamasligi haqida Portugaliyaning O Jogo nashri xabar bergandi.

Shuningdek