Endi banklar kredit xatarlari haqida mijozlarni oldindan ogohlantirishi shart 

eʼlon qilindi
Kredit reklamasining kamida 10 foizi ogohlantirishga ajratiladi
Banklarda avtokredit bo‘yicha foiz stavkalari deyarli o‘zgarishsiz qoldi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda banklar kredit reklamasida qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida majburiy ogohlantirish berishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, bunday ogohlantirish kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham joylashtiriladi. Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori Adliya vazirligida 2026-yil 30-sentabrda 3948-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan bir oy o‘tib kuchga kiradi. 

Kredit reklamasining kamida 10 foizi ogohlantirishga ajratiladi

Yangi talablarga ko‘ra, bank kredit reklamasida qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaslik moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berishi kerak.

Ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni yoki davomiyligining kamida 10 foizini egallashi lozim. Talab bosma va internet reklamalaridan tashqari video hamda audio reklamalarga ham tatbiq etiladi.

Shartnomaning birinchi sahifasida ham xatarlar ko‘rsatiladi

Kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham alohida ogohlantirish bo‘ladi. U sahifaning asosiy yuzasining kamida 30 foizini egallashi kerak.

Ogohlantirishda kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik natijasida qarzdorlik miqdori oshishi, qarzni majburiy undirish choralari qo‘llanishi, mol-mulkka undiruv qaratilishi va hisobvaraqlardagi mablag‘lar xatlanishi mumkinligi ko‘rsatiladi.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida kibertahdidlar haqida real vaqt rejimida axborot almashish tizimi ishga tushirilgandi.

Shuningdek, to‘lovlarni kechiktirish kredit tarixiga salbiy ta’sir qilishi va kelgusida kredit olish imkoniyatlarini cheklashi mumkinligi haqida ham mijoz xabardor qilinadi.

Chalg‘ituvchi kredit mahsulotlari uchun bankka chora ko‘riladi

Yangi tartibda iste’molchini chalg‘ituvchi kredit mahsulotlarini taklif qilishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Agar bankning kredit mahsuloti mijozni chalg‘ituvchi deb topilsa, unga nisbatan tegishli choralar va sanksiyalar qo‘llanishi mumkin.

Markaziy bankning qayd etishicha, yangi talablar fuqarolarning kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu orqali qarz oluvchilarning o‘z moliyaviy imkoniyatlarini baholab qaror qabul qilishi va mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq 2026-yilning birinchi yarmida Markaziy bankka plastik kartalar va firibgarlik bilan bog‘liq 956 ta murojaat kelib tushgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek