iPhone uchun ekranli Ugreen g‘ilofi taqdim etildi

2-oktabr 2026 14:23 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
iPhone uchun ekranli Ugreen g‘ilofi taqdim etildi
Foto: Ugreen

Ugreen kompaniyasi iPhone 17 Pro va iPhone 18 Pro uchun yangi Magic Ink Case 8.0 g‘ilofini taqdim etdi. Bu haqda Mydrivers nashri xabar bermoqda.

Qurilmaning asosiy xususiyati — orqa panelga o‘rnatilgan 3,7 dyuymli rangli E Ink ekran. Modelning boshlang‘ich narxi 278,8 yuan yoki qariyb $40 ni tashkil etadi.

Ekran olti rangni ko‘rsatadi

Magic Ink Case 8.0 E Ink Spectra 6 texnologiyasidan foydalanadi. Displey olti xil rangni, jumladan, ko‘k va yashil ranglarni ham aks ettira oladi.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bu to‘rt rangli E Ink ekranlariga nisbatan rang o‘tishlarini 50% ga ko‘paytiradi.

Statik tasvir ekranda doimiy quvvat sarfisiz saqlanib qoladi va yorqin tashqi yoritishda ham yaxshi ko‘rinadi.

Foto: Ugreen

Suratlar NFC orqali yuklanadi

G‘ilofdagi ekranga surat yuborish uchun UGREEN Smart Connect ilovasi va NFC texnologiyasidan foydalaniladi.

Foydalanuvchi yangi suratga olishi yoki galereyadan rasm tanlashi mumkin. Tasvirni uzatish taxminan 20 soniya, ekranni yangilash esa yana shuncha vaqt oladi.

Ilovada tayyor rasmlar kutubxonasi ham mavjud. Unda anime uslubidagi tasvirlar, konsert mavzusidagi dizaynlar va vizitka ko‘rinishidagi variantlar bor.

Alohida batareya kerak emas

Magic Ink Case 8.0 o‘z akkumulyatoriga ega emas.

Tasvir uzatilayotgan paytda ekran uchun zarur energiya iPhone’dan NFC orqali olinadi. Shu sababli g‘ilofni alohida quvvatlash talab qilinmaydi.

Zarbalardan himoya ham kuchaytirilgan

G‘ilofning to‘rt burchagida havo amortizatorlari o‘rnatilgan. Ekran qismi korpusdan taxminan 1 mm, kamera bloki esa 0,7 mm balandroq ramka bilan himoyalangan.

NFC antennasi alohida tugma orqali o‘chirib qo‘yilishi mumkin. Bunda iPhone’ning kontaktsiz to‘lov va boshqa NFC funksiyalari ishlashda davom etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Apple 2026-yilda qariyb 6 mln iPhone Duo sotishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek