O‘zbekiston obligatsiyalari global investorlar e’tiborini tortmoqda

O‘zbekistonning so‘mda ifodalangan suveren xalqaro obligatsiyalari 30-sentabrdan J.P. Morgan’ning Government Bond Index – Emerging Markets (GBI-EM) indeksiga kiritildi. Bu indeksdan $300 mlrddan ortiq aktivlarni boshqaradigan xalqaro investorlar foydalanadi. Shu sababli O‘zbekiston obligatsiyalarining indeksga qo‘shilishi so‘mdagi davlat qimmatli qog‘ozlarining xorijiy investorlar uchun ko‘rinishini oshirishi mumkin. Bu haqda Freedom Broker Uzbekistan xabar berdi.
O‘zbekiston shu tariqa MDH davlatlari orasida milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari GBI-EM tarkibiga kiritilgan yagona mamlakatga aylandi.
Indeksga qaysi obligatsiyalar kiritildi
Gap 2026-yilda joylashtirilgan uch yillik suveren xalqaro obligatsiyalar haqida bormoqda. Ularning umumiy hajmi $1 mlrd yoki 12,2 trln so‘m, yillik foiz stavkasi esa 12,25 foizni tashkil qilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu emissiyani Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika hududlarida so‘nggi 15 yil ichidagi milliy valyutadagi eng yirik bitim sifatida qayd etgan.
Investorlar uchun nima o‘zgaradi
GBI-EM rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy valyutadagi davlat obligatsiyalarini kuzatuvchi yirik indekslardan biri hisoblanadi. Unga kiritilish O‘zbekiston obligatsiyalarini indeksga yo‘naltirilgan yoki undan foydalanadigan xalqaro investorlarga ko‘proq ko‘rsatadi.
«Bu esa xorijiy investorlar bazasini kengaytirish va so‘mdagi obligatsiyalarga talabni oshirish uchun sharoit yaratishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham indeksga kiritilishni ichki davlat qimmatli qog‘ozlariga xalqaro investorlarni jalb qilish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish imkoniyati sifatida baholagan» — deyiladi Freedom Broker Uzbekistan xabarida.
O‘zbekistonning so‘mdagi qarz bozori kengaymoqda
2026-yildagi xalqaro emissiyadan tashqari, O‘zbekiston ichki davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini ham rivojlantirmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyida uch yillik davlat obligatsiyalari 12,25 foizlik o‘rtacha stavkada joylashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, davlat qarzida davlat g‘aznachilik obligatsiyalarining ulushi 9 foizga, milliy valyutadagi qarz ulushi esa 12,2 foizga yetgan. Vazirlik buni moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va valyuta xatarlarini kamaytirish imkoniyatlari bilan bog‘lagan.
«Shuningdek, 2026-yilda O‘zbekiston bozorida Raiffeisen Bank International tomonidan kastodian xizmatlarining yo‘lga qo‘yilishi xorijiy investorlarning mahalliy qimmatli qog‘ozlarga kirish infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda» — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, indeksga kiritilishning o‘zi xorijiy kapitalning avtomatik ravishda katta hajmda kirib kelishini anglatmaydi. Uning amaliy ta’siri investorlarning O‘zbekiston obligatsiyalariga bo‘lgan talabi va fondlarning indeksdan qanday foydalanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda umumiy hajmi $90 mln bo‘lgan xorijiy valyutadagi to‘rtta korporativ obligatsiya chiqarilishi ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.