O‘zbekistonda ayrim abituriyentlar OTMga testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi

eʼlon qilindi
75 ta oliy ta’lim muassasasida joriy etiladi
Talabalik guvohnomasi
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda 2027/28-o‘quv yilidan boshlab ayrim abituriyentlar ish beruvchi korxonalar buyurtmasi asosida oliygohlarga testsiz, suhbat orqali qabul qilinadi. Yangi tizim dastlab 75 ta oliy ta’lim muassasasida joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi. 

Nomzodlarni korxonalar tanlaydi

Yangi tizimda korxonalar o‘zlariga zarur mutaxassislarni tayyorlash uchun oliygohlarga buyurtma beradi. Nomzodlar ish beruvchi tomonidan tanlab olinadi va suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Dual ta’lim shaklida qabul qilinadigan bakalavriat yo‘nalishlari va o‘rinlar soni har yili 1-sentyabrga qadar oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanadi.

Qabul ish beruvchi korxonaning buyurtmasi asosida to‘lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi. O‘qish OTM, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida tashkil etiladi.

Talaba o‘qish paytida maosh oladi

Dual ta’limda o‘quv jarayonining kamida 30 foizi nazariy ta’limga ajratiladi. Qolgan qismi amaliy tayyorgarlik asosida tashkil etiladi.

Talabaga o‘qish davrida korxona tomonidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lanadi. Talaba esa o‘qishni tamomlagach, kamida ikki yil ushbu korxonada ishlab berishi kerak.

Prezident matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, ishga olingan talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini davlat tomonidan qoplash mexanizmi ham ko‘zda tutilgan.

Ayrim talabalar ikkinchi kursdan grantga o‘tishi mumkin

Muhandislik, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida dual ta’limda o‘qiyotgan talabalar uchun davlat granti asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Bunda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan boshlab davlat granti asosida tahsil olishlari mumkin. Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalarga ijtimoiy stipendiya to‘lanadi.

Texnikum bitiruvchilari 2 yoki 3-kursdan o‘qishi mumkin

Texnikumlarning oliy ta’lim bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarini tamomlagan bitiruvchilarga mos bakalavriat yo‘nalishlarining 2 yoki 3-kursidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi.

Talabaning dual ta’limda o‘qigan davri umumiy mehnat stajiga ham qo‘shiladi.

2027/28-o‘quv yilida 12,5 ming talaba qamrab olinadi

Yangi tizim 2027/28-o‘quv yilida 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilgan holda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu bosqichda 12,5 ming nafar talaba uchun o‘qish va amaliyotni birgalikda tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Keyinchalik tizim kengaytiriladi: Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, dual ta’lim 2028-yildan boshlab barcha oliygohlarda yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha yangi yondashuvlarni ko‘rib chiqqandi. 2027/28-o‘quv yilida 75 ta OTM va 3,5 mingta korxonani tizimga jalb qilish rejalashtirilgani ma’lum qilingan. 

Shuningdek