O‘zbekistonning tashqi qarzi 84 mlrd dollardan oshdi

O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 2026-yilning birinchi yarmida 1,9 mlrd dollarga oshib, 84,1 mlrd dollarga yetdi. Bir yil ichida tashqi qarz qariyb 12 mlrd dollarga yoki 16,5 foizga ko‘paygan. Bu haqda Markaziy bankning to‘lov balansi va tashqi qarz bo‘yicha hisobotida ma’lum qilindi.
Jami tashqi qarzning 41,7 mlrd dollari davlat sektori, 42,4 mlrd dollari esa korporativ sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Savdo defitsiti 13,4 mlrd dollarga yetdi
2026-yilning birinchi yarmida tashqi savdoda 13,4 mlrd dollarlik manfiy saldo qayd etilgan. Natijada joriy operatsiyalar hisobidagi defitsit 6,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Hisobot davrida umumiy eksport 8,6 foizga kamayib, 15,4 mlrd dollarga tushgan. Bunga oltin eksportining qisqarishi asosiy omillardan biri bo‘lgan.
Shu bilan birga, oltinsiz tovarlar eksporti 27 foizga oshgan. Xizmatlar eksportida ham 45 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Import 28,8 mlrd dollarga yetdi
Import hajmi esa bir yil ichida 24 foizga oshib, 28,8 mlrd dollarni tashkil qilgan. Import tarkibida mashina va uskunalar asosiy ulushni egallagan.
Hisobotda tashqi qarz va importdagi o‘sish iqtisodiyotdagi investitsion faollik bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Xususan, mashina, uskunalar va transport vositalarining xaridi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan.
Xorijiy investitsiyalar 2,3 mlrd dollar bo‘ldi
Hisobot davrida O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi 2,3 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi qarz tarkibidagi korporativ qarz davlat kafolatisiz xususiy sektor, tadbirkorlik subyektlari va banklar tomonidan jalb qilingan mablag‘larni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu qarzlar bo‘yicha davlatning majburiyati mavjud emas.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 2026-yilning II choragi yakunida 48,32 mlrd dollarni tashkil qilgani haqida xabar berilgandi.