Qirg‘iziston o‘zining ilk sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi

eʼlon qilindi
SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi yordamida uchirildi
Foto: Kabar

Qirg‘iziston 1-oktabr kuni o‘zining ilk milliy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi. Qurilma AQShning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo bazasidan SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi yordamida uchirildi. Bu haqda Qirg‘izistonning Kabar axborot agentligi prezident matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi. 

Sun’iy yo‘ldosh Qirg‘iziston va BAA hamkorligida yaratildi

Sun’iy yo‘ldosh boshqa kosmik apparatlar guruhi tarkibida bitta raketa yordamida orbitaga chiqarilgan. Loyiha Qirg‘iziston va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida amalga oshirilgan.

Qurilmani Bishkek shahrida joylashgan boshqaruv markazi orqali nazorat qilish rejalashtirilgan. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 1-oktabr kuni AQShga ish safari doirasida sun’iy yo‘ldoshni uchirish marosimida ishtirok etgan.

Qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslar kuzatiladi

Sun’iy yo‘ldoshdan olinadigan kosmik ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi yerlarini, muzliklar, suv obyektlari, o‘rmonlar va yaylovlarni monitoring qilishda foydalaniladi. Shuningdek, tabiiy ekotizimlardagi o‘zgarishlarni kuzatish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Prezident Sadir Japarovning aytishicha, yo‘ldosh qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini baholash, qaysi ekinlarni qaysi hududlarda yetishtirish maqsadga muvofiqligini aniqlash, tuproq holati va yerdan foydalanish samaradorligini kuzatishda ham qo‘llanadi. Shuningdek, yog‘ingarchilik, qor qoplami va shamol kabi ob-havo ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumot olish imkonini beradi.

Tabiiy ofatlarni erta aniqlashga yordam beradi

Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, ko‘chki, sel va o‘rmon yong‘inlari kabi tabiiy xavflarni monitoring qilishda ham ishlatiladi.

Bundan tashqari, kosmik ma’lumotlar noqonuniy yer qa’ridan foydalanish, ruxsatsiz chiqindi poligonlari va boshqa ifloslanish manbalarini aniqlash hamda logistika yo‘nalishlarini optimallashtirish uchun qo‘llanishi rejalashtirilgan.

Ma’lumotlar davlat tizimlariga integratsiya qilinadi

Kelgusida sun’iy yo‘ldoshdan olinadigan ma’lumotlarni davlatning raqamli tizimlariga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Ular hududiy xaritalar va tahliliy modellar yaratish, davlat qarorlarini qabul qilish, investitsiyalarni rejalashtirish hamda davlat dasturlarining bajarilishini monitoring qilishda ishlatilishi mumkin.

Qirg‘iziston hukumati sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini superkompyuter texnologiyalari bilan birgalikda qo‘llash orqali mamlakatning iqtisodiy va tabiiy resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meink mamlakat Kosmik kuchlari orbitada «kosmik nazorat qurollari»ga ega ekanini ma’lum qilgandi. 

Shuningdek