Tezkor ogohlantirish: ob-havo keskin o‘zgaradi

O‘zbekistonga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. 3-oktabr kuni sovuq havo mamlakatning shimoliy hududlariga, 4 – 5-oktabrda esa respublikaning qolgan hududlariga yetib keladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda respublika bo‘yicha ob-havoning keskin o‘zgarishi kuzatiladi.
Ayrim hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘adi
3 – 4-oktabr kunlari O‘zbekistonning shimoliy va cho‘l hududlarida, 4 – 5-oktabrda esa respublikaning qolgan qismida yomg‘ir yog‘adi. Ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda.

Harorat 15–20 darajagacha pasayadi
Sovuq havo kirib kelishi ortidan kunduzgi harorat asta-sekin 15–20 darajagacha, kechasi esa 5–10 darajagacha pasayadi.
Shimoliy hududlarda havo yanada salqin bo‘ladi: kunduz kunlari 12–17 daraja, kechalari esa 2–7 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Shamol kuchayadi, tuman tushishi mumkin
3 – 4-oktabr kunlari ayrim hududlarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayadi. Ba’zi joylarda chang-to‘zon bilan shamolning tezligi 20–22 m/s gacha yetishi mumkin.
5 – 6-oktabr kunlari respublikaning ayrim hududlarida tuman tushishi ehtimoli bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri oktabrda harorat 2 daraja sovuqqacha tushishi mumkinligi haqida yozgan edi.