Toshkent va Haydarobod o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yildi

Centrum Air aviakompaniyasi 28-sentabrdan Toshkent–Haydarobod–Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni boshladi. Reyslar haftasiga ikki marta Airbus A320neo samolyotlarida amalga oshirilmoqda. Bu Janubiy Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo yo‘nalishi bo‘ldi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Yangi yo‘nalish O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi turizm, biznes va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirish imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda.
Haydarobod Centrum Air’ning Hindistondagi ikkinchi yo‘nalishiga aylandi
Haydarobod Centrum Air uchun Hindistondagi Dehlidan keyingi ikkinchi yo‘nalish bo‘ldi.
Yangi reys nafaqat Janubiy Hindiston aholisi uchun O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borish imkonini beradi, balki Toshkent orqali Markaziy Osiyo, MDH, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga tranzit qilish imkoniyatini ham kengaytiradi.
Yangi reys turizm va biznes uchun imkoniyatlarni kengaytiradi
Haydarobodda yangi yo‘nalish taqdimotiga O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi, Centrum Air, Haydarobod aeroporti ma’muriyati, turistik kompaniyalar va biznes vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev yangi aviareyslar Telangana shtati va Hindistonning janubiy hududlari bilan raqamli texnologiyalar, farmatsevtika, zargarlik va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekistonning turistik salohiyati, mehmonxonalar va dam olish maskanlari ham taqdim etildi. So‘nggi 5–6 yil davomida Hindistondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi bir necha barobar oshgani qayd etildi.
Haydaroboddan Toshkent orqali boshqa davlatlarga ham uchish mumkin
«GMR Hyderabad International Airport Ltd» vakillarining ta’kidlashicha, yangi yo‘nalish biznes, savdo va madaniy aloqalarni rivojlantirish bilan birga, hududlararo transport bog‘liqligini ham kuchaytiradi.
Haydarobodning turizm, talabalar almashinuvi, qarindoshlar va do‘stlarni ziyorat qilish hamda xalqaro tranzit sayohatlar uchun salohiyati yuqori ekani qayd etildi.
Yangi yo‘nalishning ilk reysi Haydarobod aeroportida «GHIAL», «Centrum Air» va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokidagi tantanali marosim bilan kuzatib qo‘yilgan.
Avvalroq Qozog‘istonning FlyArystan aviakompaniyasi Olmaota — Urganch — Olmaota yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.