
Ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet avtomobillari xorijda sotilmagani sabab O‘zbekistonga qaytarilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. UzAuto Motors bu ma’lumotlarni rad etib, vagonlarda tashilayotgan avtomobillar mamlakat ichidagi rasmiy dilerlik markazlariga yetkazilayotganini ma’lum qildi.
Kompaniya qayd etishicha, ushbu avtomobillar eksportdan qaytarilgan mashinalar emas.
«Vagonlardagi avtomobillar respublikamizdagi rasmiy dilerlik markazlariga yetkazib berish uchun jo‘natilgan», – deyiladi UzAuto Motors xabarida.
Avtomobillar nega vagonlarda tashilmoqda
UzAuto Motors bunga so‘nggi kunlarda e’lon qilingan chegirma va aksiyalar ortidan avtomobillarga talab oshgani sabab bo‘lganini bildirdi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekiston Osiyoda avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha 9-o‘rinni egalladi
Natijada dilerlik markazlariga yetkazib beriladigan avtomobillar soni ham ko‘paygan.
«Mavjud avtotreylerlar yetarli bo‘lmagani sababli, avtomobillarni xaridorlarga tezroq yetkazish maqsadida temir yo‘l transporti xizmatidan foydalanildi», – deya izoh berdi kompaniya.
UzAuto Motors tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikni so‘radi
Kompaniya jamoatchilikni tasdiqlanmagan xabar va taxminlarni rasmiy ma’lumot sifatida qabul qilmaslikka chaqirdi.
Avtomobillar narxlari, chegirmalar va aksiyalar haqidagi rasmiy ma’lumotlar UzAuto Motors hamda Chevrolet’ning rasmiy axborot kanallarida e’lon qilinishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Cobalt va Damas uchun 15 mln so‘mgacha qayta chegirma e’lon qilingandi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, aksiya mijozlardan kelib tushgan murojaatlar hamda 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan qayta joriy etilgan.