Yevropa Ittifoqi bilan migrantlar markazlari bo‘yicha muzokara olib borilmayapti — TIV

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
Ushbu tashabbusni Gretsiya, Daniya, Avstriya, Germaniya va Niderlandiya qo‘llab-quvvatlamoqda
Fotо: Pexels

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan boshpana berish rad etilgan migrantlarni qabul qilish markazlarini ochish bo‘yicha muzokara olib bormayapti. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yil sentabr oyi oxirida Politico xabar berishicha, Gretsiya, Daniya, Avstriya, Germaniya va Niderlandiya («Asosiy guruh») Yevropa Ittifoqida boshpana berish rad etilgan migrantlarni ittifoq hududidan chiqarib yuborish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda. Loyihani tajriba tariqasida kelasi yilning birinchi yarmida ishga tushirish rejalashtirilgan.

«Agar sizga boshpana berish rad etilgan bo‘lsa, siz yoki o‘z mamlakatingizga qaytasiz, yoki Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi uchinchi davlatga yuborilasiz», – dedi Gretsiya migratsiya vaziri Tanos Plevris.

Plevrisning aytishicha, mexanizm 2027-yilning ikkinchi yarmidan to‘liq ishlay boshlashi kerak. Tashabbus Yevropada migratsiya bilan bog‘liq muammolar davom etayotgan bir paytda muhokama qilinmoqda. Politico qayd etishicha, so‘nggi o‘n yillikda migratsiya masalasi Yevropa mamlakatlarida populistik va millatchi partiyalarni qo‘llab-quvvatlash kuchayishiga ta’sir qilgan omillardan biri bo‘lgan.

Loyiha doirasida qaysi davlatlar ko‘rib chiqilmoqda?

Yevropa Ittifoqining ikki diplomati so‘zlariga ko‘ra, dastlabki kelishuv Ruanda bilan tuzilishi rejalashtirilgan. Ularning aytishicha, Uganda va O‘zbekiston ham migrantlarni yuborish mumkin bo‘lgan davlatlar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Nashrning qayd etishicha, Plevris taklif qilgan muddatlar ancha qisqa bo‘lishi mumkin, chunki kelishuvning bir qator muhim jihatlari hali ham aniq emas.

Gretsiya migratsiya vazirining aytishicha, «Asosiy guruh» a’zolari migrantlar yuboriladigan uchinchi davlatlarda inson huquqlariga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmlarini yaratish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan muzokara olib bormoqda.

Shu hafta Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlari uchrashuvida Plevris Gretsiyaning migratsiya bosimini kamaytirish bo‘yicha rejasini ham taqdim etishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, mamlakatga yangi kelgan shaxslarning boshpana so‘rab bergan arizalarini ko‘rib chiqish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.

Politico’da Bryussel O‘zbekistonni Yevropa Ittifoqida boshpana berish rad etilgan migrantlarni qabul qiluvchi davlatlardan biri sifatida ko‘rib chiqayotgani haqidagi ma’lumot birinchi bor paydo bo‘layotgani yo‘q. Avval ham O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni rad etib, Toshkent bu masala bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan muzokara olib bormayotganini bildirgan.

Avvalroq «Kursiv» Shvetsiya va Polsha migratsiya qonunchiligini buzgan O‘zbekistonning 27 nafar fuqarosi charter reys orqali Toshkentga olib kelingani haqida yozgan edi.

Shuningdek