Cobalt va braziliyalik haydovchi, iPhone 18 Pro Max smartfonining navbatdagi kamchiligi— 3-oktabrdagi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 3-oktabr kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.
Olimpiadada kumush medal olgan Qozog‘iston shaxmatchilari mukofotsiz qoldi

Qozog‘iston ayollar terma jamoasi a’zolariga Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida qo‘lga kiritilgan kumush medal uchun davlat mukofot pullari to‘lab berilmadi. Bu haqda shaxmatchi Alua Nurman o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Qozog‘iston ayollar terma jamoasi a’zosi Alua Nurmanning so‘zlariga ko‘ra, Almati shahridagi Sport direksiyasi va Oliy sport mahorati maktabi xodimlari shaxmatchilarga ushbu natija uchun davlat mukofoti berilmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, olimpiadadagi muvaffaqiyat sportchilarga oylik maosh tayinlash uchun ham asos bo‘la olmasligi ta’kidlangan.
BAA flydubai reysiga qilingan hujumni teraktga urinish deb atadi

30-sentabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai aviakompaniyasi samolyotining ikkinchi uchuvchisi kema komandiriga favqulodda vaziyatlar boltasi bilan hujum qilib, terakt amalga oshirishga uringan. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
BAA Bosh prokurori Hamad Saif Al-Shamsiyning ta’kidlashicha, ikkinchi uchuvchi kema komandirini jarohatlab, samolyot boshqaruvini butunlay qo‘lga kiritishga uringan. Ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor 29 yoshli Ummon fuqarosi Hamam Al-Hammami bo‘lib, u 2024-yilda ekstremistik materiallar saqlagani aniqlangach, Oman Air aviakompaniyasi parvozlaridan chetlatilgan. Biroq unga ma’muriy lavozimda ishlashni davom ettirishga ruxsat berilgan bo‘lgan.
Apple muammolar sabab iPhone 18 Pro Max qurilmalarini qaytarib olmoqda

Apple kompaniyasi AQShda ba’zi iPhone 18 Pro Max qurilmalarida aloqa signali yo‘qolishi va qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati yo‘qligini tan oldi. Bu haqda 9to5Mac xabar bermoqda.
Muammo, asosan, AT&T operatori tarmog‘idagi ayrim foydalanuvchilarda kuzatilmoqda. Ular uyali aloqa signali butunlay yo‘qolib, hududda tarmoq bo‘lishiga qaramay, qo‘ng‘iroq qila olmayotganidan shikoyat qilishgan. Qiziqarli jihati shundaki, bu holat faqat AQSh bozori uchun mo‘ljallangan iPhone 18 Pro Max rusumlariga xosdir.
O‘gay onaning kaltaklashi oqibatida 3 yoshli qizaloq vafot etdi

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida o‘gay ona bilan yuzaga kelgan nizo oqibatida 2022-yilda tug‘ilgan qizaloq og‘ir tan jarohatlari olib vafot etdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar bermoqda.
Joriy yilning 26-sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida istiqomat qiluvchi ayol (1994-yilda tug‘ilgan) va uning turmush o‘rtog‘i (1988-yilda tug‘ilgan) o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Natijada ayol turmush o‘rtog‘ining qizini (2022-yilda tug‘ilgan) urib, uning bosh qismiga jiddiy shikast yetkazgan. Oqibatda qizaloqning sog‘lig‘i keskin yomonlashib, o‘sha kunning o‘zida vafot etgan.
O‘zbekiston olimpiya termasi Osiyo o‘yinlari bronza medalidan quruq qoldi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining uchinchi o‘rin uchun bahsida Xitoy terma jamoasiga penaltilar seriyasida yutqazib, bronza medalidan quruq qoldi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.
Uchrashuvning asosiy vaqti jangovar durang bilan yakunlandi. Turnir reglamentiga ko‘ra, qo‘shimcha bo‘limlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Bu safar omad xitoylik futbolchilarga kulib boqdi va O‘zbekiston terma jamoasi mag‘lubiyatga uchradi.
O‘zbekistonda sakkiz oyda 259,4 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar – avgust oylari davomida jami 259,4 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Joriy yilning dastlabki sakkiz oyida qayd etilgan qurilish ishlari hajmi 2025-yilning mos davridagiga taqqoslaganda 11,8 foizga oshgan. Ushbu raqamlar mamlakatda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar barqaror davom etayotganini ko‘rsatadi.
Namanganda 51,5 mln so‘mlik qalbaki pullar musodara qilindi

Jizzax va Namangan viloyatlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor operatsiya davomida yirik miqdordagi qalbaki pullarni tayyorlab sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Pop tumanida yashovchi (1989-yilda tug‘ilgan) va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi (1999-yilda tug‘ilgan) ikki nafar shaxs jami 37,4 mln so‘m qalbaki pullarni shartli xaridorga 7,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Braziliyalik Cobalt’ini sotdi, ammo unga yana qaytishga tayyor — unga nima yoqdi

2019-yilgi Chevrolet Cobalt LTZ egasi, 28 yoshli Pedro Vitor bir necha yildan so‘ng avtomobilning ijobiy va salbiy tomonlari haqida so‘zlab berdi. U o‘z tajribasi bilan Braziliyaning Webmotors portali bilan o‘rtoqlashdi.
Braziliyalik haydalgan Cobalt’ni 2020-yilda taxminan 30 ming km masofa bosib o‘tgan holatda sotib olgan. Unga sedan ish, oilaviy qatnovlar va sayohatlar uchun kerak edi.
Cobalt’ning asosiy afzalliklari sifatida egasi keng salon va katta yukxonasini nomladi. Uning hajmi 563 litrni tashkil etadi. 2,62 metrlik g‘ildirak bazasi orqa tarafdagi yo‘lovchilar uchun ham yetarli joyni ta’minlaydi.