Qashqadaryoda 3 yoshli qizaloq vafotidan so‘ng oiladagi boshqa bola qarindoshiga topshirildi

eʼlon qilindi
Bolaning ta’limini davom ettirish choralari ko‘riladi
Qashqadaryoda 3 yoshli qizaloq vafotidan so‘ng oiladagi boshqa bola qarindoshiga topshirildi
Foto: SI / Sapura Temirxanova

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida 3 yoshli qizaloq vafot etganidan so‘ng oiladagi boshqa voyaga yetmagan bola yaqin qarindoshi vasiyligiga topshirildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni alohida nazoratga olganini ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 26-sentabr kuni oiladagi kelishmovchilik ortidan 2022-yilda tug‘ilgan qizaloq og‘ir tan jarohati olgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, shu kuni vafot etgan.

Avvalroq Bolalar ombudsmani holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va gumon qilinuvchi ayol ushlanganini ma’lum qilgan edi. Hozirda dastlabki tergov Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Oiladagi boshqa bola qarindoshi qaramog‘iga berildi

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ko‘ra, oiladagi boshqa voyaga yetmagan bolaning xavfsizligi, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida u yaqin qarindoshining vasiyligiga topshirilgan.

«Mazkur holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan alohida nazoratga olingan», – deyiladi agentlik munosabatida.

Hozirda mutaxassislar bolaning hayotiy holati va mavjud xavf omillarini baholamoqda. Unga zarur psixologik yordam ko‘rsatilmoqda, tibbiy ko‘rik tashkil etilayotir.

Bolaning ta’limini davom ettirish choralari ko‘riladi

Bolaning yashash manzili o‘zgargani sabab uning ta’limini uzluksiz davom ettirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy xodim tomonidan alohida ijtimoiy keys ochilib, bola uchun individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

«Voyaga yetmagan bolaning xavfsizligi va farovonligi, shuningdek, unga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va individual rejaning ijrosi Agentlik tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi», – deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda. Agentlik ta’kidlaganidek, hodisaning barcha holatlariga huquqiy baho tergov natijalariga ko‘ra beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ohangarondagi bog‘chada bola hasharotlarga qarshi vositadan zaharlanib vafot etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek