66,5 ming so‘m o‘rniga 395 ming so‘m: ayrim dorilar 6 baravar qimmat sotilgani aniqlandi

eʼlon qilindi
Raqobat qo‘mitasi «sirli mijoz» tekshiruvini o‘tkazdi
Электронные рецепты в Узбекистане
Foto: Roman Fedetov / Kursiv Uzbekistan

Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan «sirli mijoz» tadbirlarida ayrim dorixonalarda dori vositalari belgilangan narxdan 3 – 6 baravargacha qimmat sotilgani aniqlandi. Holatlar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, litsenziya talablari bo‘yicha vakolatli organga so‘rov yuborildi.

Ayrim dorilar 6 baravar qimmat taklif qilingan

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, «SHUNQORLAR» MChJga qarashli dorixonada «Polimik» dorisi ruxsat etilgan 12 837 so‘m o‘rniga 70 ming so‘mdan, ya’ni 5,5 baravar qimmat taklif qilingan.

Shu dorixonada «Konvuleks» dorisi belgilangan 66 481 so‘m o‘rniga 395 ming so‘mdan sotuvga qo‘yilgan. Bu ruxsat etilgan narxdan qariyb 6 baravar yuqori.

«MUNO FARM» MChJga qarashli dorixonada esa «Stimuloton» dorisi 50 666 so‘m o‘rniga 295 ming so‘mdan taklif qilingan.

Boshqa dorixonalarda ham narx oshirilgan

«CITY FARM» dorixonalarida «Baktamed» dorisi 18 849 so‘m o‘rniga 63 ming so‘mga sotilgani aniqlangan. «No-shpa» preparati ham belgilangan narxdan yuqori sotilgan.

«HOSIL FARM» dorixonasida «Lantus Solostar»ga ruxsat etilgan 20% ustama o‘rniga 80% ustama qo‘llanib, narxi 190 ming so‘mga yetkazilgan. «Slideron» esa 115 677 so‘m o‘rniga 349 ming so‘mga sotilgan.

«AMIR FARM TRADE» dorixonasida «Baktamed»ga 20% o‘rniga 100% ustama qo‘yilib, 32 ming so‘mga sotilgani qayd etilgan.

Shuningdek, o‘qing: Dorixonalar iste’molchilardan 21,1 mlrd so‘mni asossiz olgani aniqlandi

«FERUZA NUR MED» dorixonasida «Polimik» preparati 12 837 so‘m o‘rniga 62 ming so‘mga sotilgan.

Shuningdek, «LEADER PHARMGROUP», «PHARM S GOLDEN» va «RUSLAN BUYUK FARM»ga qarashli dorixonalarda «No-shpa» belgilangan narxdan yuqori sotilgani aniqlangan.

Litsenziya masalasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Raqobat qo‘mitasi aniqlangan holatlar yuzasidan belgilangan tartibda ko‘rsatmalar berilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, litsenziya talablariga rioya etilishi masalasini qayta ko‘rib chiqish uchun tegishli vakolatli organga so‘rov yuborilgan. Qo‘mita farmatsevtika sohasida «sirli mijoz» tadbirlarini davom ettirishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 11 mingdan ortiq dorixonalar «Elektron retsept» tizimida ishlayotgani ma’lum qilingandi. «Elektron retsept» DMED tizimining asosiy modullaridan biri hisoblanadi. U dori vositalarini tayinlash va sotish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek