JSST: Dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish 73,3 yoshga yetdi

eʼlon qilindi
2019-yilda bu ko‘rsatkich 73,4 yosh edi
Foto: Fitness Tips

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda tug‘ilishdagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2023-yilda 73,3 yoshga yetgan. Bu ko‘rsatkich COVID-19 pandemiyasi sabab yuzaga kelgan pasayishdan keyin 2019-yildagi darajaga deyarli qaytganini anglatadi. Bu haqda JSST xabar berdi. 

O‘rtacha umr ko‘rish pandemiyadan keyin tiklandi

JSSTning 2000 – 2023-yillarni qamrab olgan yangi Global Health Estimates hisobotida dunyo mamlakatlari va hududlaridagi umr ko‘rish davomiyligi, o‘lim sabablari hamda kasalliklar yuki tahlil qilingan.

2023-yilda dunyoda tug‘ilishdagi o‘rtacha umr ko‘rish 73,3 yoshni tashkil etgan. 2019-yilda bu ko‘rsatkich 73,4 yosh edi.

JSST pandemiya davrida yuzaga kelgan yo‘qotishlarning katta qismi qoplanganini qayd etgan. Biroq odamlarning sog‘lom hayot kechirishi bo‘yicha ko‘rsatkich to‘liq tiklanmagan.

Sog‘lom umr ko‘rish 62,8 yoshni tashkil etdi

2023-yilda dunyoda sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi 62,8 yoshga yetgan. Bu 2019-yildagi ko‘rsatkichdan 0,4 yil past. JSST qo‘shimcha umr yillarining o‘zi yetarli emasligini, ularni yaxshi sog‘liq bilan o‘tkazish ham muhimligini ta’kidlagan.

O‘limlarning 74 foizi yuqumsiz kasalliklar hissasiga to‘g‘ri keladi

Hisobotda dunyodagi o‘lim sabablarining tarkibi ham o‘zgarib borayotgani qayd etilgan. 2023-yilda barcha o‘limlarning 74 foizi yuqumsiz kasalliklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2000-yilda bu ulush 58 foiz edi.

Yurak-qon tomir kasalliklari dunyoda o‘lim va kasallik yukining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2023-yilda yurak ishemik kasalligi qariyb 9,5 mln kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, demensiya bilan bog‘liq o‘limlar ham sezilarli oshgan. 2023-yilda Altsgeymer kasalligi va boshqa demensiya turlari dunyoda o‘limning beshinchi asosiy sababiga aylangan.

JSST: odamlar uzoqroq yashamoqda, ammo yangi muammolar paydo bo‘lmoqda

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, umr ko‘rish davomiyligining tiklanishi sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim yutuqlardan biridir. Shu bilan birga, diabet, demensiya, ruhiy salomatlik muammolari va giyohvandlik bilan bog‘liq buzilishlar sog‘liqni saqlash tizimlariga tobora ko‘proq bosim qilmoqda.

JSST yangi hisob-kitoblar mamlakatlarga sog‘liqni saqlash siyosatini shakllantirish, kasalliklarning o‘zgarayotgan yukini baholash va resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirishda yordam berishini qayd etgan.

Avvalroq O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetib, 9 yoshga yuqorilagani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek