
Kuzda burun oqishi, ketma-ket aksirish, yo‘tal va ko‘z yoshlanishi ko‘pchilikda shamollash yoki gripp bilan bog‘lanadi. Biroq bu belgilar mavsumiy allergiyadan ham kelib chiqishi mumkin. O‘zbekistonda sentabr, oktabr va ba’zan noyabr oylarida ayrim o‘simlik changchalari, zamburug‘ sporalari va uy changi allergenlari ta’siri kuchayishi mumkin.
Kuzda allergiya nimadan qo‘zg‘aladi?
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, kuz oylarida havo nisbatan iliq va yog‘ingarchilik kam bo‘lsa, o‘simlik changchalari allergik xususiyatini saqlab qoladi. Bu esa mavsumiy allergiya belgilarini keltirib chiqarishi mumkin.
Kuzda yana bir muhim allergen – zamburug‘ sporalari. Salqin ob-havo boshlanib, yomg‘ir yog‘gach, ular havoga ko‘proq tarqalishi mumkin. To‘kilgan barglar, zax yoki mog‘orlagan xonalar va yerto‘lalar bunday allergenlar to‘planadigan joylar hisoblanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikovaning aytishicha, mavsumiy allergiyaga moyil insonlarning bir qismida uy hayvonlari yungiga nisbatan ham sezuvchanlik kuzatiladi.
«Yurtimizda sentabr, oktabr va ba’zan noyabr oylarida ham havo harorati nisbatan iliq bo‘ladi. Agar bu davrda yog‘ingarchilik kam bo‘lsa, o‘simlik changchalari allergik xususiyatini saqlab qoladi. Bu esa yuqorida qayd etilgan alomatlarni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biridir», – deydi mutaxassis.
Allergiyani shamollashdan qanday ajratish mumkin
Allergiya va shamollashda burun oqishi, bitishi, aksirish va yo‘tal kabi o‘xshash belgilar kuzatiladi. Biroq allergiyada ko‘z va burun qichishishi, takroriy aksirish hamda ko‘z yoshlanishi ko‘proq uchraydi. Isitma va tana og‘rig‘i esa odatda allergiyaga xos emas.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi polen allergiyasi burun bitishi yoki oqishi, aksirish, ko‘zning qizarishi, yoshlanishi va qichishishiga sabab bo‘lishi mumkinligini izohlaydi. Polen astmasi bor odamlarda xurujlarni ham qo‘zg‘atishi mumkin.
Gripp esa odatda to‘satdan boshlanadi. Unda isitma, titroq, bosh va mushaklarda og‘riq, tomoq og‘rig‘i, yo‘tal va kuchli holsizlik ko‘proq uchraydi. Burun oqishi yoki bitishi ham kuzatilishi mumkin. Shamollashda ham burun oqishi, aksirish va yo‘tal bo‘ladi, biroq simptomlar odatda bir necha kun ichida kamayadi.
Allergiya belgilari kuchaymasligi uchun nima qilish mumkin?
Cleveland Clinic ma’lumotiga ko‘ra, kuzda begona o‘tlar changi asosiy allergenlardan biri hisoblanadi. Kuzgi nam ob-havo va chiriyotgan o‘simliklar esa mog‘or bilan bog‘liq allergiyani kuchaytirishi mumkin.
Allergolog Mark Aronica kuzda allergenlar ta’sirini kamaytirish uchun ochiq havoda bo‘lgandan keyin dush qabul qilish, kiyimni almashtirish va imkon qadar derazalarni yopiq tutishni tavsiya qiladi.
Polenga sezuvchan odamlar allergen bilan aloqani imkon qadar kamaytirishi kerak. Buning quyidagi choralarni tavsiya qilinadi:
- polen miqdori yuqori bo‘lgan paytda ochiq havoda bo‘lish vaqtini kamaytirish;
- tashqaridan qaytgach dush qabul qilish;
- kiyimlarni almashtirish;
- ko‘zga qo‘l tekkizishdan saqlanish;
- polen mavsumida derazalarni yopiq tutish;
- uyda mos yuqori samarali havo filtrlaridan foydalanish.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Shamollash va gripp simptomlari odatda 3 – 14 kun ichida o‘tib ketadi. Allergik reaksiyalar esa allergen ta’siri davom etsa, bir necha hafta yoki hatto oylab saqlanishi mumkin. O‘zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi ta’kidlashicha, allergiyada odatda tana qaqshashi va isitma kuzatilmaydi. Agar burun oqishi, aksirish, ko‘z qichishishi yoki boshqa allergiya belgilari tez-tez takrorlansa yoki kundalik hayotga xalaqit bersa, allergologga murojaat qilish kerak.
Allergiyani shamollash yoki grippdan faqat simptomlarga qarab har doim ham aniq ajratib bo‘lmaydi. Zarur hollarda shifokor bemorning shikoyatlari va allergenlar bilan aloqasini baholaydi, qo‘shimcha tekshiruvlar orqali tashxisni aniqlashtiradi. Nafas olish qiyinlashishi, ko‘krakda og‘riq yoki kuchli holsizlik kabi jiddiy belgilar paydo bo‘lsa, tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.
Avvalroq «Kursiv» olimlar oziq-ovqat allergiyasining rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi immun hujayrani aniqlashgani haqida yozgan edi.