Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida 5-o‘rinni egallagan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

eʼlon qilindi
Jami 70 ta medal jamg‘arildi
Foto: Olympic.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolarini tabrikladi. Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egallagan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston 70 ta medal jamg‘ardi

Osiyo o‘yinlarida 45 davlatdan qariyb 11 ming sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza – jami 70 ta medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari va Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.

Mirziyoyev bu natijani O‘zbekiston sportining salohiyati hamda sportchilarning yirik musobaqalardagi muvaffaqiyatlari sifatida baholadi.

Akbar Jo‘rayev jahon va Osiyo rekordini yangiladi

Prezident tabrigida Osiyo o‘yinlaridagi eng yorqin natijalardan ayrimlarini alohida qayd etdi.

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev 197 kilogramm natija bilan jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi. O‘q otish bo‘yicha Vladimir Svechnikov esa O‘zbekiston tarixida ilk bor Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, musobaqa rekordini o‘rnatdi. Dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev esa ikki vazn toifasida Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchi sifatida tarixga kirdi.

Bir nechta sportchilar ikki va uch karra chempion bo‘ldi

Yengil atletikachi Sharifa Davronova va bokschi Abdumalik Xalokov ikkinchi marta Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Badiiy gimnastikachi Taxmina Ikromova esa uch karra Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi.

Shuningdek, yengil atletikachi Suhrob Xo‘jayev bosqon uloqtirishda O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalishdagi tarixiy oltin medalni qo‘lga kiritdi. Barnoxon Sayfullayeva esa balandlikka sakrashda 1,90 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, shaxsiy rekordini yangiladi.

O‘zbekiston dzyudosi umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘ldi

O‘zbekiston dzyudochilari Osiyo o‘yinlarini 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan yakunladi. 32 davlat vakillari qatnashgan bahslarda O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi Yaponiya terma jamoasidan keyin umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Kurashchilar esa ushbu sport turidagi 6 ta oltin medalning 4 tasini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston nomidan Ahror Ziyodullayev, Shohruxxon Baxtiyorov, Ibodatxon Agojonova va Pokizaxon Kamoldinova chempion bo‘ldi.

Mirziyoyev sportchilarni Los-Anjeles Olimpiadasiga tayyorgarlikka chaqirdi

Prezident Osiyo o‘yinlaridagi natijalar O‘zbekistonda sportni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijasi ekanini ta’kidladi.

Mirziyoyev sportchilar, ularning ota-onalari, murabbiylari va muxlislariga minnatdorlik bildirdi.

«Sizlar Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabangiz bilan Yangi O‘zbekistonda Olimpiya harakati rivoji yangi bosqichga ko‘tarilgani, bu yo‘lda yangi oltin avlod shakllanganini butun dunyoga namoyon etdingiz», – dedi prezident.

U Yaponiya zaminida erishilgan natijalar 2028-yilda Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik uchun mustahkam zamin bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Avvalroq O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining uchinchi o‘rin uchun bahsida Xitoy terma jamoasiga penaltilar seriyasida yutqazib, bronza medalidan quruq qolgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek