
Samsung keyingi avlod bukiluvchi flagmani Samsung Galaxy Z Fold 9 korpusini sezilarli darajada yupqalashtirishni rejalashtirayotgani aytilmoqda. ITHome ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya qurilma ochilgan holatda 3,9 mm, yopilganda esa 7,9 mm qalinlikka erishishni maqsad qilgan.
Fold 8’dan yupqaroq bo‘lishi mumkin
Agar bu ko‘rsatkichlar tasdiqlansa, Galaxy Z Fold 9 yopilgan holatda Galaxy Z Fold 8’dan 1,8 mm, ochilgan holatda esa 0,6 mm yupqaroq bo‘ladi.
Bu Samsung’ning bukiluvchi smartfonlar segmentida korpus qalinligini kamaytirishga qaratilgan eng sezilarli yangilanishlardan biri bo‘lishi mumkin.
Ekran ostidagi kamera qaytishi ehtimoli bor
Galaxy Z Fold 9’da yana bir muhim yangilik sifatida ekran ostiga yashirilgan kamera tilga olinmoqda.
Biroq hozircha bu xususiyat ham rasman tasdiqlanmagan. Samsung qurilma haqida rasmiy ma’lumot bermagan.
Taqdimot 2027-yil yozida bo‘lishi mumkin
Hozircha Galaxy Z Fold 9’ning boshqa texnik xususiyatlari haqida ma’lumot yo‘q. Agar Samsung odatdagi taqdimot taqvimiga amal qilsa, yangi bukiluvchi flagman 2027-yil yozida namoyish etilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S27 Ultra modelida kamera bloki o‘zgarishi mumkinligi haqida yozgan edi.