Tesla yana «tirildi»

Tesla ikki yillik pasayishdan keyin yana yillik o‘sishga qaytish imkoniyatini kuchaytirdi. Kompaniya 2026-yilning III choragida 486,5 mingta avtomobil yetkazib, tahlilchilar prognozidan ancha yuqori natija qayd etdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Tesla 486,5 mingta avtomobil yetkazdi
Tesla III chorakda 486 532 ta elektromobil yetkazgan. Tahlilchilar esa kompaniya taxminan 456,9 mingta avtomobil sotishini kutgandi. Shu tariqa Tesla prognozdan qariyb 30 mingta ko‘proq avtomobil yetkazib berdi. Kompaniya chorak davomida 464 391 ta avtomobil ishlab chiqargan.
Yetkazib berishlarning asosiy qismini Model 3 va Model Y tashkil etdi. Ushbu ikki modeldan jami 478 237 dona xaridorlarga topshirilgan. Qolgan modellar bo‘yicha 8 295 ta avtomobil yetkazilgan.
Yillik pasayish hali tugamagan
Natija kuchli bo‘lsa-da, Tesla savdolari o‘tgan yilning shu choragiga nisbatan 2,1 foizga kamaygan. Bunga 2025-yilning III choragidagi yuqori baza ham ta’sir qilgan: o‘sha paytda AQShda elektromobillar uchun soliq imtiyozi tugashidan oldin xaridorlar faol ravishda avtomobil sotib olgan.
Shunga qaramay, Reuters Tesla ketma-ket ikki yil davom etgan yillik yetkazib berishlar pasayishidan keyin yana o‘sishga qaytishi mumkinligini qayd etmoqda.
Kompaniya 2026-yilning dastlabki uch choragida jami 1,32 mln dona avtomobil yetkazgan. Yil yakunida o‘tgan yilgi natijadan oshib ketish uchun Tesla’ga IV chorakda 311,4 mingdan ortiq avtomobil yetkazish kifoya.
Yevropa bozori Tesla’ga yordam bermoqda
Tesla natijasining yaxshilanishida Yevropa bozori ham muhim rol o‘ynagan. Fransiya va Daniyada elektromobillarga bo‘lgan talabning tiklanishi kompaniya yetkazib berishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, investorlar Tesla’ning oddiy avtomobil biznesidan tashqari robotaksi, sun’iy intellekt va gumanoid robotlar bo‘yicha rejalariga ham katta e’tibor qaratmoqda.
Kompaniyaning Yevropadagi to‘liq avtonom haydash funksiyasi hozir sakkizta mamlakatda tasdiqlangan. Tesla, shuningdek, Texasda Cybercab robotaksilarini rivojlantirmoqda. Tesla aksiyalari kuchli hisobot fonida qariyb 5 foizga oshgan. Kompaniya III chorak moliyaviy natijalarini 21-oktabr kuni e’lon qiladi.
Avvalroq Tesla Xitoy bozoridagi barcha yangi Model 3 avtomobillarini 16 dyuymli markaziy ekran bilan jihozlay boshlagani haqida xabar berilgandi.