Zlatan Ibragimovich 4 mln yevrolik Ferrari F80 sotib oldi

Shvetsiyalik sobiq futbolchi Zlatan Ibragimovich yangi Ferrari F80 superkarini qabul qilib oldi. Qora mat rangdagi avtomobil sariq o‘rindiqlar va tormoz supportlari bilan maxsus konfiguratsiyada tayyorlangan. Bu haqda sportchi o‘z sahifasida yozgan.
Ferrari F80 atigi 799 dona ishlab chiqariladi
Ibragimovich 2025-yil 3-oktabrda Ferrari F80 avtomobilining konfiguratsiyasini namoyish qilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, 2026-yil 3-oktabrda futbolchi avtomobilni qabul qilib olganini Instagram videosida ko‘rsatdi.
F80 Ferrari’ning eng noyob modellaridan biri bo‘lib, undan atigi 799 dona ishlab chiqariladi. Model 2024-yilda taqdim etilgan va Enzo hamda LaFerrari kabi avtomobillarning davomchisi hisoblanadi.
Ibragimovich tanlagan avtomobil qora mat kuzov, sariq o‘rindiqlar va sariq tormoz supportlariga ega. Bu kombinatsiya avtomobilga o‘ziga xos ko‘rinishini bergan.
1 200 ot kuchi va 350 km/soat tezlik
Ferrari F80 gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. U V6 biturbo dvigatel va uchta elektromotordan tashkil topgan bo‘lib, umumiy quvvati 1 200 ot kuchiga yetadi. Ferrari ma’lumotlariga ko‘ra, F80 0 dan 100 km/soatgacha 2,15 soniyada, 200 km/soatgacha esa 5,75 soniyada tezlashadi. Maksimal tezlik 350 km/soatni tashkil qiladi.
Shuningdek, o‘qing: Ferrari’ning Luce dasturi doirasida ishlab chiqarilgan ilk avtomobil – Chassis 0 40 mln dollarga sotilgani haqida xabar berilgandi.
Modelning boshlang‘ich narxi 3,6 mln yevro etib belgilangan. Ibragimovichning avtomobili maxsus konfiguratsiyaga ega bo‘lgani sababli uning yakuniy qiymati bundan yuqori bo‘lishi mumkin.
Ibragimovich Ferrari kolleksiyasini kengaytirdi
Futbolchining garajida Ferrari avtomobillari avvaldan ko‘p. U 40 yoshida SF90 Spider, 2022-yilda Daytona SP3 va 812 Competizione A, keyinchalik Purosangue va SF90 XX Spider modellarini xarid qilgan. Endi uning kolleksiyasiga Ferrari’ning 799 dona bilan cheklangan F80 modeli ham qo‘shildi.
Avvalroq Italiya harbiy-dengiz kuchlari F-35B qiruvchi samolyoti va Ferrari SF90 ishtirokidagi noodatiy poygani tashkil qilayotgani haqida xabar berilgandi.