Daniyada 8,8 mln kishining ma’lumotlari o‘g‘irlandi

Daniya milliy reyestri xakerlik hujumiga uchrashi oqibatida qariyb 8,8 mln ro‘yxatdan o‘tgan shaxsga tegishli ma’lumotlar buzib kirilish oqibatida oshkor bo‘lgan. Bu haqda mamlakat Raqamli ishlar vazirligi ma’lum qildi.
O‘g‘irlangan ma’lumotlar orasida ism-sharif, yashash manzili va Daniyada milliy reyestr raqami sifatida qo‘llanadigan ijtimoiy xavfsizlik raqamlari bor.
Nega raqam Daniya aholisidan ko‘p
Daniya aholisi qariyb 6 mln kishini tashkil etadi. Biroq mamlakatning milliy reyestrida 11 mln ga yaqin shaxsga oid ma’lumotlar saqlanadi.
Bunga vafot etgan yoki mamlakatdan ko‘chib ketgan fuqarolar haqidagi yozuvlar ham kiradi. Shu sabab hujum ta’sir qilgan 8,8 mln kishi ko‘rsatkichi Daniyaning amaldagi aholisi sonidan yuqori.
Xakerlar kompaniya loginidan foydalangan
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, xakerlar tizimga mahalliy kompaniyalardan birining haqiqiy login ma’lumotlari orqali kirgan.
Hujumni amalga oshirgan shaxslar hozircha aniqlanmagan. Tizimga kirishda foydalanilgan usul esa bloklangan.
Vazirlik sentabr oyida tizimda «anomaliya» aniqlangani haqida birinchi signalni olganini bildirdi.
Vazir hodisani «juda jiddiy» deb atadi
Daniya raqamli ishlar vaziri Kristina Egelund hodisaning to‘liq ko‘lami o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
«Bu nihoyatda jiddiy hodisa. Biz barcha jabrlanganlar bilan birgalikda voqeaning aniq ko‘lamini aniqlash ustida ishlayapmiz», – dedi u.
Reyestrda boshqa maxfiy ma’lumotlar ham bor
Daniya Ritzau axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, milliy reyestrda fuqarolarning cherkovga a’zoligi, muomala layoqati cheklanganligi va boshqa huquqiy maqomlarga oid ma’lumotlar ham saqlanadi.
Hozircha aynan qaysi turdagi ma’lumotlar va qancha hajmda xakerlar qo‘liga tushgani to‘liq aniqlanmagan.
Avvalroq AQSh va Daniya Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan edi.