Ehtiyojmand oilalar qishda qo‘llab-quvvatlanadi

Isitish mavsumida gazlashmagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yor 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatgacha oshirilishi taklif qilindi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalarga dekabr oyida bir martalik moddiy yordam ajratish masalasi ko‘rib chiqiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, xususan, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklif qilindi. Bu orqali qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.
Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Ushbu chora yiliga 470 ming oilani qamrab olishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, sharoiti og‘ir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari davom ettiriladi.
Prezident Hukumatga ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash, yordam mablag‘larini o‘z vaqtida yo‘naltirish va ularning har bir oilaga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni «Lukoyl» kompaniyasi asoschisi Vagit Alekperovni qabul qilgandi.