Fransiya yangi ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi

eʼlon qilindi
Makron sinovni kuzatgan
Foto: Fransiya mudofaa vazirligi

Fransiya 6-oktabr kuni yangi avlod M51.3 strategik ballistik raketasini atom suvosti kemasidan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Raketa yadro kallagisiz uchirilgan va Shimoliy Atlantikadagi belgilangan hududga tushgan. Bu haqda Fransiya mudofaa vazirligi ma’lum qildi. 

Raketa atom suvosti kemasidan uchirildi

M51.3 raketasi Fransiyaning Le Vigilant strategik atom suvosti kemasidan Bretan qirg‘oqlari yaqinida uchirilgan. Sinov raketani ishlab chiqishdan ko‘ra, uzoq muddatli texnik xizmat va ta’mirdan chiqqan suvosti kemasining ushbu qurol tizimidan foydalanishga tayyorligini tekshirishga qaratilgan.

Fransiya Mudofaa vazirligi raketa yadro zaryadisiz uchirilganini va sinov xalqaro majburiyatlarga to‘liq rioya qilingan holda o‘tkazilganini bildirdi. Raketaning parvozi DGA sinov vositalari, jumladan, Monge o‘lchov kemasi orqali kuzatilgan.

M51.3 Fransiyaning yadroviy kuchlarini yangilash dasturining bir qismi

M51.3 — M51 strategik ballistik raketasining uchinchi avlodi bo‘lib, u 2025-yil oktabrida Fransiya armiyasi qurollanish tizimiga kiritilgan.

Fransiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi versiya avvalgi modifikatsiyalarga nisbatan uchish masofasi, aniqligi va raketaga qarshi mudofaani yorib o‘tish imkoniyatlari bo‘yicha yaxshilangan. Raketa Fransiyaning suvosti kemalariga asoslangan yadroviy tiyib turish salohiyatini modernizatsiya qilish dasturining bir qismi hisoblanadi.

Makron sinovni kuzatdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron raketaning uchirilishini Fransiya harbiy-dengiz kuchlari fregatidan kuzatgan. Sinov vaqtida raketa Shimoliy Atlantikadagi qirg‘oqdan bir necha yuz kilometr uzoqlikdagi hududga tushgan.

Reuters xabariga ko‘ra, Makron sinovdan so‘ng Fransiyaning strategik mudofaa salohiyatiga ishora qilib, «xabar baland va aniq yetkazildi», degan.

Fransiya M51 dasturini davom ettirmoqda

M51.3 Fransiyaning suvosti kemalariga asoslangan yadroviy tiyib turish kuchlarini yangilash bo‘yicha uzoq muddatli dasturining navbatdagi bosqichi hisoblanadi.

Keyingi bosqichda M51.4 raketasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Fransiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, M51.4 uchun ishlab chiqish va ishlab chiqarish shartnomasi ArianeGroup kompaniyasiga 2025-yil avgustida berilgan. Yangi raketa kelgusi o‘n yillikda amaldagi va kelajakdagi strategik suvosti kemalarida qo‘llanishi rejalashtirilgan.

Fransiyaning 6-oktabrdagi sinovi shu tariqa nafaqat yangi M51.3 raketasining imkoniyatlarini, balki Le Vigilant suvosti kemasining strategik qurol tizimi bilan xizmatga qaytishga tayyorligini ham namoyish etdi.

Avvalroq Fransiyada talabalar noroziliklari va politsiya bilan to‘qnashuvlar ortidan 5-oktabr, dushanba kuni 400 – 500 ta litseyda darslar to‘liq yoki qisman to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek