Mercedes-Benz yangi texnologiyasini sinovdan o‘tkazadi

Mercedes-Benz Tayvanning ProLogium kompaniyasi bilan yangi avlod qattiq elektrolitli akkumulyatorlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuv tuzdi. Germaniya kompaniyasi ProLogium’ning yangi Gen4 batareyalarini sinovdan o‘tkazishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi. Bu haqda ProLogium kompaniyasi xabar berdi.
Batareyalar elektr va xavfsizlik sinovlaridan o‘tadi
Kelishuvga ko‘ra, Mercedes-Benz Gen4 batareyalarining elektr, issiqlik va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini o‘z laboratoriyalarida hamda ixtisoslashtirilgan tashqi markazlarda tekshiradi.
Sinovlarning asosiy maqsadi ushbu texnologiyaning kelajakdagi Mercedes elektromobillarida foydalanish uchun qanchalik mosligini aniqlashdan iborat.
ProLogium yangi batareyalarda yonmaydigan noorganik elektrolit va keramika separatoridan foydalanishini bildirgan. Kompaniya texnologiya yuqori energiya zichligi, tez quvvatlanish, katta quvvat chiqishi va past haroratlarda ishlash samaradorligini ta’minlashini ta’kidlamoqda.
Gen4 batareyasi 400 Wh/kg gacha energiya zichligiga ega
ProLogium ma’lumotlariga ko‘ra, yangi Gen4 batareyalarining energiya zichligi 400 Wh/kg gacha yetishi mumkin. Kompaniya 5 foizdan 80 foizgacha quvvatlash jarayoni 6,4 daqiqagacha qisqarishini ham bildirgan.
Qattiq elektrolitli batareyalar an’anaviy litiy-ion akkumulyatorlarga nisbatan yuqoriroq energiya zichligi va xavfsizlikni ta’minlash imkoniyati bilan elektromobil sanoatidagi istiqbolli texnologiyalardan biri hisoblanadi.
Mercedes 2030-yilgacha yangi texnologiyani avtomobillarga olib chiqmoqchi
Mercedes-Benz va ProLogium 2016-yildan buyon yangi avlod batareyalari ustida hamkorlik qilib kelmoqda.
Shu bilan birga, Mercedes boshqa hamkor – AQShning Factorial Energy kompaniyasi bilan ham qattiq elektrolitli batareyalarni ishlab chiqmoqda. 2025-yilda bunday batareya o‘rnatilgan o‘zgartirilgan EQS bir quvvatlashda 1 205 kilometr masofani bosib o‘tgan.
Mercedes-Benz ushbu texnologiyadagi ilk seriyali elektromobilini 2030-yilgacha chiqarishni rejalashtirmoqda.
Fransiyada yangi akkumulyator zavodi qurilmoqda
ProLogium Yevropadagi ishlab chiqarish bazasini ham kengaytirmoqda. Kompaniya Fransiyaning Dyunkerk shahrida akkumulyator zavodi qurmoqda. Zavodning kelajakdagi ishlab chiqarish quvvati 44 GWh gacha yetishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda esa 4 GWh yillik quvvat ko‘zda tutilgan.
Mercedes-Benz ushbu hamkorlik orqali yangi avlod batareyalarini laboratoriyadan kelajakdagi seriyali elektromobillarga olib chiqish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Avvalroq Mercedes-AMG o‘z tarixidagi ilk to‘liq elektr SUV modelini 17-oktabr kuni namoyish etishi haqida xabar berilgandi.