Mirziyoyevga FAOning oliy mukofoti topshirildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning oliy mukofoti — «Agricola» medali topshirildi. Mukofot davlat rahbarining oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari uchun berilgan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
FAO bilan 27 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda
Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni FAO bosh direktori Syuy Dunyuni qabul qildi. U O‘zbekistonda Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning agrar va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan ikkinchi forumda ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi oziq-ovqat xavfsizligi hamda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlik doirasida erishilgan natijalarni ijobiy baholadi. Yangi besh yillik dastur qabul qilingan, ayni paytda 27 ta qo‘shma loyiha faol bosqichda.
O‘zbekiston FAO Kengashiga saylandi
Uchrashuvda O‘zbekiston ilk bor 2028–2029-yillar uchun FAO Kengashi tarkibiga saylangani qayd etildi.
Shuningdek, 7-oktabr kuni Toshkentda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Agroinnovatsiyalar xabi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
Yangi hamkorlik dasturi doirasida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini sohaga joriy etish, iqlim moliyasini jalb qilish, tajriba almashish va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
«Agricola» — FAOning eng yuqori mukofoti
Uchrashuv yakunida Syuy Dunyu Shavkat Mirziyoyevga «Agricola» medalini topshirdi.
FAO ma’lumotiga ko‘ra, «Agricola» medali tashkilot bosh direktori tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash hamda FAO maqsadlarini ilgari surishga katta hissa qo‘shgan atoqli rahbarlarga beriladi. FAO ushbu medalni tashkilotning eng yuqori mukofoti sifatida ta’riflaydi.
O‘zbekiston va FAO hamkorligi 2001-yildan buyon davom etmoqda. Tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi 2014-yilda ochilgan.
Avvalroq Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar berilgandi.