MrBeast Toshkentga keladi — nimalar ma’lum

6-oktabr 2026 12:45 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
MrBeast Toshkentga keladi
Foto: AP: File

Dunyodagi eng mashhur YouTube blogerlaridan biri MrBeast ilk bor Markaziy Osiyoga tashrif buyuradi va Toshkentda muxlislari bilan uchrashadi. Tadbirda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tganlar orasidan 200 kishi tasodifiy tanlab olinadi.

Tashrif O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilmoqda.

Jimmi Donaldson, ya’ni MrBeast’ning YouTube’dagi kanallariga jami 500 mln dan ortiq foydalanuvchi obuna bo‘lgan. U katta budjetli videolar, murakkab sinovlar va yirik sovrinli loyihalari bilan tanilgan.

MrBeast bilan kimlar uchrashishi mumkin

Toshkentdagi uchrashuvda qatnashish uchun avval maxsus sahifa orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Ishtirokchilar orasidan 200 kishi tasodifiy sonlar generatori yordamida tanlanadi.

Ro‘yxatdan o‘tish bepul. Unda faqat 18 yoshdan katta shaxslar qatnashishi mumkin. Har bir kishi o‘z nomi, amaldagi telefon raqami va shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan faqat bir marta ariza topshirishi mumkin.

Uchrashuv qachon va qayerda bo‘ladi

Tadbirning aniq sanasi va joyi hozircha ochiqlanmagan. Tanlab olingan 200 ishtirokchi bilan Jamg‘arma alohida bog‘lanadi va uchrashuv manzili hamda vaqti ularga shaxsan ma’lum qilinadi.

Uchrashuv interaktiv o‘yinlar va viktorinalar shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. G‘oliblarga sovrinlar berilishi ko‘zda tutilgan.

Soxta havolalardan ogohlantirildi

Jamg‘arma MrBeast tashrifi va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha yagona rasmiy manba ekanini ta’kidladi.

Ishtirokchilardan boshqa akkauntlar yoki norasmiy havolalar orqali tadbirga kirish takliflariga ishonmaslik so‘ralgan. Jamg‘arma ro‘yxatdan o‘tish jarayonida to‘lov, bank kartasi ma’lumotlari yoki parol talab qilmasligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq MrBeast nomi bilan tanilgan amerikalik bloger Jimmi Donaldson janubiy afrikalik yozuvchi Teya Boysenga uylangani haqida xabar berilgandi. To‘y 14-iyul kuni Buyuk britaniyalik tadbirkor Richard Bransonga qarashli Karib dengizidagi Neker orolida bo‘lib o‘tgan. Yopiq tarzda tashkil etilgan marosimda juftlikning qariyb 70 nafar yaqin qarindoshi va do‘sti qatnashgan. Bayram tadbirlari bir hafta davom etib, nikoh marosimini oilaning yaqin do‘sti olib borgan.

Shuningdek