Namanganda 1,3 mlrd so‘mlik budjet puli talon-toroj qilindi

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida 1,3 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Faoliyat yuritmagan MTTlarga subsidiya ajratilgan
Tekshiruv ma’lumotiga ko‘ra, «Mehnatobod» va «Dehqonobod» MFY hududlaridagi xonadonlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Biroq ushbu MTTlar amalda faoliyat yuritmagan bo‘lsa-da, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritilib, ularga 1,3 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 207-moddasi — mansabga sovuqqonlik bilan qarash hamda 209-moddasi — mansab soxtakorligi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri bank xodimi 100 ming dollar olayotganda ushlangani haqida yozgan edi.