
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov yosh bo‘lishiga qaramay, jahon shaxmatining eng kuchli vakillari qatoridan joy oldi. U rapid bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan, Magnus Karlsenni mag‘lub etgan va O‘zbekiston terma jamoasi bilan Shaxmat olimpiadasida tarixiy natijalarga erishgan. Quyida Abdusattorov haqida beshta qiziqarli faktni jamladik.
1. To‘qqiz yoshidayoq grossmeysterlarni yenggan
Abdusattorovning iste’dodi juda erta namoyon bo‘lgan. FIDE ma’lumotiga ko‘ra, u atigi to‘qqiz yoshida bir turnirning o‘zida ikki grossmeysterni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan.
Keyinchalik uning o‘sishi yanada tezlashdi. Abdusattorov 2017-yilda xalqaro master, 2018-yilda esa grossmeyster unvonini oldi. U grossmeyster bo‘lganida 13 yoshdan endigina oshgan edi.
Bu natija uni o‘sha davrda shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeysterlardan biriga aylantirdi.
2. 17 yoshida Magnus Karlsenni taxtdan tushirgan
Abdusattorovning faoliyatidagi eng mashhur voqealardan biri 2021-yil oxirida yuz berdi. Polshada o‘tkazilgan rapid bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik shaxmatchi amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lub etdi. Yakunda Abdusattorov, Karlsen, Yan Nepomnyashchiy va Fabiano Karuana 9,5 ochkodan jamg‘ardi.
Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar Abdusattorov va Nepomnyashchiyni tay-brekka olib chiqdi. O‘zbekistonlik grossmeyster hal qiluvchi bahslarda g‘alaba qozonib, 17 yoshida rapid bo‘yicha jahon chempioniga aylandi.
Shu tariqa u Karlsenning ushbu yo‘nalishdagi chempionlik seriyasiga nuqta qo‘ygan shaxmatchiga aylandi.
3. O‘zbekistonni tarixiy Olimpiada oltiniga boshlab borgan
2022-yilda Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekiston shaxmati tarixidagi eng muhim musobaqalardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 11 tur davomida birorta ham jamoaviy uchrashuvda mag‘lub bo‘lmadi va tarixda ilk bor Olimpiada chempioniga aylandi. FIDE jamoaning yetakchilaridan biri sifatida o‘sha paytda 17 yoshda bo‘lgan Abdusattorovni alohida qayd etgan.
U turnirda birinchi taxtada harakat qildi. Demak, deyarli har bir turda raqib jamoaning eng kuchli shaxmatchilaridan biri aynan Abdusattorovga qarshi o‘ynagan.
4. Karlsenni faqat rapidda emas, klassik shaxmatda ham yenggan
Abdusattorovning Magnus Karlsen ustidan g‘alabasi bir martalik voqea bo‘lib qolmagan. 2023-yilda Niderlandiyada o‘tkazilgan nufuzli Tata Steel Masters turnirida 18 yoshli o‘zbekistonlik grossmeyster Karlsenni klassik partiyada ham mag‘lub etdi. Abdusattorov turnirning katta qismini peshqadam sifatida o‘tkazdi va yakunda 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishdi.
Klassik shaxmatda Karlsen ustidan g‘alaba qozonish alohida ahamiyatga ega. Chunki uzoq vaqt davomida dunyo reytingini boshqargan norvegiyalik grossmeyster klassik formatda juda kam mag‘lub bo‘ladi.
5. 21 yoshida yana dunyoning Top-5 shaxmatchisi bo‘ldi

Abdusattorovning muvaffaqiyatlari faqat yoshlar o‘rtasidagi rekordlar bilan cheklanmaydi. 2026-yil oktabr oyidagi FIDE reytingida u 2 780 ochkoga ega bo‘lib, faoliyatidagi eng yuqori reytingini takrorladi va dunyoning kuchli beshlik shaxmatchilari qatoriga qaytdi. Bunga Samarqanddagi 46-Shaxmat olimpiadasidagi muvaffaqiyatli o‘yinlari ham yordam berdi – u birinchi taxtada individual oltin medalni qo‘lga kiritib, 18 reyting ochkosini qo‘shib oldi.
Bu natija Abdusattorovning endilikda shunchaki «yosh iste’dod» emas, balki jahon chempionligi uchun kurashishi mumkin bo‘lgan elit grossmeysterlardan biri ekanini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nodirbek Abdusattorov kimga unashtirilgani haqida yozgan edi.