O‘zbekiston JICA bilan 15 ta yangi loyiha boshlaydi

O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturini imzoladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.
Dastur doirasida 15 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Dasturdagi asosiy yo‘nalishlar
2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturiga 15 ta istiqbolli loyiha kiritilgan. Ular orasida transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligida yangi yechimlarni joriy etish hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bor.
Dasturda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va «yashil» o‘sish yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur loyihalar JICA bilan uzoq muddatli hamkorlikning navbatdagi bosqichi sifatida amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» Yaponiya O‘zbekistonga iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturlari uchun $246,2 milliondan ortiq mablag‘ ajratishi haqida yozgan edi.