Skoda Octavia ilk bor gibrid versiyada taqdim etildi

6-oktabr 2026 10:05 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Skoda Octavia ilk bor gibrid versiyada taqdim etildi
Foto; Skoda

Skoda tarixda ilk bor Skoda Octavia modelining to‘liq gibrid versiyasini taqdim etdi. Yangi Octavia Full Hybrid 1,5 litrli benzin dvigateli, ikkita elektromotor, bir pog‘onali avtomatik transmissiya va mufta bilan jihozlangan.

Tizim ketma-ket va parallel gibrid sxemani birlashtiradi. Zarurat bo‘lganda mufta benzin dvigatelini old g‘ildiraklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulaydi.

Ikki elektromotor ishlatiladi

Gibrid tizimdagi elektromotorlardan biri asosan generator va benzin dvigatelining starteri vazifasini bajaradi.

Ikkinchi elektromotor esa avtomobilni harakatga keltiradi, old g‘ildiraklarga tortish kuchini uzatadi va tormozlanish vaqtida energiyani qayta tiklaydi. Elektronika harakat sharoitiga qarab tizimning uchta ish rejimidan birini avtomatik tanlaydi.

Foto: Skoda

Faqat elektrda 2 km yuradi

Skoda Octavia Full Hybrid sof elektr rejimida 2 km gacha masofani bosib o‘ta oladi. Bu rejim asosan qisqa masofalarda, benzin dvigatelini ishga tushirish zarur bo‘lmagan holatlarda qo‘llanadi.

60 km/soatgacha generator orqali ishlaydi

Ketma-ket gibrid rejimida benzin dvigateli g‘ildiraklar bilan bevosita bog‘lanmaydi. Dvigatel generatorni harakatga keltiradi, generator esa tortuvchi elektromotor uchun elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Bunday rejim, asosan, 60 km/soatgacha tezlikda, batareya quvvati kamayganda yoki keskin tezlanish vaqtida ishlatiladi.

Yuqori tezlikda dvigatel g‘ildiraklarga ulanadi

Taxminan 60 km/soatdan yuqori tezlikda va bir maromda harakatlanganda tizim parallel rejimga o‘tishi mumkin.

Bunda benzin dvigateli mufta orqali old g‘ildiraklarni bevosita aylantiradi. Elektromotor esa zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha tortish kuchini beradi.

Skoda hisob-kitobiga ko‘ra, yuqori tezlikda energiyani mexanik tarzda uzatish uni avval elektr energiyasiga aylantirishdan samaraliroq.

Ikki xil quvvatli versiya bo‘ladi

Boshlang‘ich gibrid versiyaning umumiy quvvati 100 kVt, ya’ni 136 ot kuchini tashkil etadi. Undagi 1,5 litrli TSI dvigatel 131 ot kuchi ishlab chiqaradi.

Kuchliroq versiyada umumiy quvvat 125 kVt yoki 170 ot kuchiga yetadi. Benzin dvigatelining quvvati esa 150 ot kuchini tashkil qiladi.

Har ikkala versiyada elektr qismi bir xil. Maksimal tezlik elektron tarzda 180 km/soat bilan cheklangan.

Yonilg‘i sarfi 4,3 litr

Gibrid Octavia 1,6 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Batareya orqa o‘rindiq ostiga joylashtirilgan.

Elektronika uning quvvatini avtomatik ravishda 40 – 90% oralig‘ida ushlab turadi. Shu sabab haydovchidan alohida quvvatlash jarayonini boshqarish talab etilmaydi.

Yonilg‘i baki 40 litr sig‘imga ega. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, o‘rtacha yoqilg‘i sarfi 100 km ga 4,3 litrni tashkil qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Toyota Corolla Cross 2027 taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek