To‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqayotganlar 61 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Har uch yangi pensionerning ikkitasi to‘liq stajga ega emas
2026-yilda mehnat daftarchasisiz qanday pensiyaga chiqish mumkin
Foto: Pexels

O‘zbekistonda to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan yangi pensionerlar ulushi 2010-yildagi 6 foizdan 2025-yilda 61 foizgacha oshdi. Pensiya jamg‘armasi bunga asosan norasmiy bandlik, ijtimoiy soliq to‘lamaslik va ish haqini «konvert»da olish kabi omillar sabab bo‘layotganini bildirdi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, to‘liq pensiya tayinlanishi uchun erkaklarda 25 yil, ayollarda esa 20 yil ish staji bo‘lishi kerak.

Agar fuqaroning ish staji belgilangan talabga yetmasa, unga mavjud stajiga mutanosib ravishda to‘liq bo‘lmagan ish staji bilan pensiya tayinlanadi.

Har uch yangi pensionerning ikkitasi to‘liq stajga ega emas

Pensiya jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 2010-yilda yangi tayinlangan pensiyalar orasida to‘liq ish stajiga ega bo‘lmaganlar ulushi 6 foizni tashkil etgan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 61 foizga yetgan.

Hozir har uch nafar yangi pensionerning ikki nafari to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqmoqda.

Umumiy pensionerlar orasida bunday fuqarolar ulushi 2010-yildagi 3 foizdan 2025-yilda 39 foizgacha ko‘tarilgan.

Pensionerlarning 47 foizi 1 mln so‘mgacha pensiya oladi

Shuningdek, o‘qing: Ishdan bo‘shatilgan ayrim xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanadi

Ma’lumotga ko‘ra, pensionerlarning 47 foizi oyiga 820 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha pensiya olmoqda.

Pensiya jamg‘armasi bunday holatlarning asosiy sabablari sifatida norasmiy ishlash, ish haqini «konvert»da olish, ijtimoiy soliq to‘lamaslik, mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarning arxivga topshirilmasligi hamda ayrim davrlarda rasmiy bandlik bo‘lmaganini ko‘rsatgan.

Pensiya miqdori rasmiy ish staji, ish haqi va to‘langan ijtimoiy soliqqa bog‘liq. Shu sababli norasmiy bandlik kelajakdagi pensiya miqdoriga ham ta’sir qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘m bo‘lgani va eng yuqori maosh qayerdaligi haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek