Ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasi o‘tkaziladi

eʼlon qilindi
Taqdimotda ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini o‘tkazish taklif qilindi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda ayrim maktablarda fanlarni ingliz tilida o‘qitish tajribasini o‘tkazish taklif qilindi. Shuningdek, pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatishda sun’iy intellektdan foydalanish va darsliklarni yangilash masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maktablarda yangi baholash tizimi takomillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdimot davomida maktab ta’limida darsliklarni yangilash, o‘quvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini izchil rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdi.

O‘quvchilar bilimini baholash tizimini takomillashtirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Ayrim maktablarda ingliz tilida dars beriladi

Taqdimotda ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini o‘tkazish taklif qilindi.

Bu tashabbus ta’lim mazmunini zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirish va o‘quvchilarning xorijiy til bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Bolalarning qobiliyati erta aniqlanadi

Maktabgacha ta’limda bolani har tomonlama rivojlantirish, dastur va metodikalarni yangilash hamda tarbiyachilar malakasini oshirishga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash hamda ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Kasbiy ta’limda esa yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikum dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va dual ta’limni korxonalar bilan hamkorlikda kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ilmiy ishlanmalar korxonalarga olib kiriladi

Ilm-fan sohasida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish taklif qilindi.

Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish vazifasi ham ilgari surildi.

Prezident ta’limning barcha bosqichlarida sifatga e’tiborni kuchaytirish, maktab va universitet o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlash hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayanish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar bilan tanishgandi.

Shuningdek