Kiberjinoyatchilar orasida SI vositalariga talab oshdi

Kiberjinoyatchilar yashirin forum va platformalarda sun’iy intellekt vositalarini faol xarid qila boshladi. Axios bunday vositalar bozori tez kengayayotganini yozdi.
Tadqiqotga ko‘ra, noqonuniy platformalardagi SI vositalari bo‘yicha e’lonlar soni 2025-yil oxiridagi oyiga 50 tadan kam ko‘rsatkichdan 2026-yil fevraliga kelib 1400 tadan oshgan.
Minglab e’lonlar o‘rganildi
Halcyon tadqiqotchilari oktabrdan maygacha bo‘lgan davrda 77 ta Telegram kanali, 20 ta darknet forumi va beshta maxsus yashirin bozordagi qariyb 4 mingta postni tahlil qilgan.
Tadqiqotda SI xizmatlariga o‘g‘irlangan yoki noqonuniy kirish imkoniyatlari, himoya cheklovlarini chetlab o‘tishga mo‘ljallangan so‘rovlar hamda firibgarlik uchun yaratilgan vositalar sotilgani qayd etilgan.
Ayrim takliflarning narxi juda past bo‘lgan. Masalan, ChatGPT Plus hisoblariga kirish imkoniyati 10 sentdan, ayrim jailbreak so‘rovlari esa 32 sentdan taklif qilingan.
Firibgarlik va fishing uchun ham qo‘llanmoqda
Tadqiqotchilar yashirin bozorlarda sotilayotgan SI vositalarini bir necha asosiy toifaga ajratgan.
Ular orasida xavfsizlik cheklovlari olib tashlangan yoki o‘g‘irlangan SI xizmatlari, shaxsni soxtalashtirish va fishingni osonlashtiruvchi vositalar, zararli ma’lumotlar asosida moslashtirilgan modellar hamda SI yordamida ishlovchi zararli dasturiy infratuzilma bor.
Masalan, WormGPT kabi tizimlar fishing xatlari va zararli kod yaratishda ishlatilishi aytilmoqda.
Bir vaqtning o‘zida 120 kishiga qo‘ng‘iroq qiluvchi tizim ham bor
Halcyon ma’lumotiga ko‘ra, ayrim sotuvchilar firibgarlik operatsiyalari uchun bir vaqtning o‘zida 120 kishiga qo‘ng‘iroq qila oladigan SI asosidagi tizimlarni ham taklif qilmoqda.
Kompaniyalar esa bunday vositalar yordamida amalga oshirilayotgan kiberhujumlar sabab allaqachon millionlab mablag‘ yo‘qotmoqda.
Halcyon Ransomware Research Center rahbari Sintiya Kayzer bu vositalarning juda arzonlashgani tashkilotlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung SI uchun $1 mlrd sarmoya kiritishi haqida yozgan edi.