
Leapmotor Avstraliya bozorida Leapmotor B03X elektr krossoveri uchun buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Stellantis qo‘llab-quvvatlayotgan Xitoy brendining yangi modeli ikki xil komplektatsiyada sotiladi.
Boshlang‘ich Leapmotor B03X Style narxi 29 990 Avstraliya dollari ($20 960), Design Long Range versiyasi esa 33 990 Avstraliya dollari ($23 760) turadi.
Xitoyda A10 nomi bilan sotiladi
Leapmotor B03X Xitoy bozorida A10 nomi bilan 2026-yil mart oyida sotuvga chiqarilgan. Uning Xitoydagi narxi 65,8 ming yuandan ($9815) 86,8 ming yuangacha ($12 950) bo‘lgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil avgustigacha A10 modelining jami 122 587 donasi yetkazib berilgan.

Uzunligi 4,27 metr
Leapmotor B03X’ning uzunligi 4270 mm, kengligi 1810 mm, balandligi 1635 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2605 mm.
Model besh o‘rindiqli salon bilan jihozlangan. Orqa o‘rindiqlar ostida qo‘shimcha 39 litrli saqlash bo‘limi ham mavjud. Bagaj hajmi 602 litrni tashkil etadi.
Salonda 14,6 dyuymli ekran
Markaziy konsolda 14,6 dyuymli multimedia displeyi o‘rnatilgan. Tizim Apple CarPlay va Android Auto’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Haydovchi oldida 8,8 dyuymli raqamli asboblar paneli joylashgan.
Boshlang‘ich versiyada oltita karnay mavjud. Design komplektatsiyasida esa 18 dyuymli yengil qotishmali disklar, 360 darajali kamera tizimi va 12 ta karnay taklif qilinadi.
382 km gacha yuradi

Boshlang‘ich Leapmotor B03X 39,8 kVt/soat sig‘imli LFP batareya va 130 kVt, ya’ni 174 ot kuchli elektromotor bilan jihozlangan. U WLTP sikli bo‘yicha bir quvvatlashda 292 km masofani bosib o‘ta oladi.
Long Range versiyasi esa 53 kVt/soat sig‘imli LFP batareya va 145 kVt, ya’ni 194 ot kuchli elektromotorga ega. Uning yurish zaxirasi 382 km ni tashkil etadi. Har ikki versiya 0 dan 100 km/soatgacha 8,6 soniyada tezlashadi.
Avstraliyadagi eng arzon elektr SUV
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Leapmotor B03X Avstraliya bozoridagi eng arzon elektr SUV’ga aylandi. Avtomobilga olti yil yoki 150 ming km kafolat beriladi. Batareya uchun esa sakkiz yil yoki 160 ming km kafolat amal qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Leapmotor A05 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.