
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga yangi direktor tayinlandi. Bu haqda teatr matbuot xizmati ma’lum qildi. Mazkur lavozimga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotih Jalolov tayinlangan.
Jalolov teatr va kino aktyori, shuningdek, rejissyor sifatida tanilgan. U 1984-yilda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr-rassomchilik institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan. Avval O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari hamda «O‘zbekkino» tizimida ishlagan. 2017-yilda esa «O‘zbekfilm» aksiyadorlik jamiyati direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Fotih Jalolov haqida
Aktyor «Oq bino oqshomlari», «Bomba», «Marg‘iyona», «Qabrdan qaytgan umr», «Ayollar saltanati7», «Sardor», «Dilxiroj», «Osmondagi bolalar 2», «Baxt uchun million» va boshqa filmlarda rol ijro etgan. Shuningdek, «Katta oyi», «Xotira rashki» hamda «Muqimiy» filmlariga rejissyorlik qilgan.
2021-yilda suratga olingan «Muqimiy» tarixiy-badiiy filmi ham Jalolov rejissyorligida ishlangan. Filmda shoir Muqimiy yashagan davr va Qo‘qon adabiy muhiti tasvirlangan.
Avvalroq «Kursiv» «O‘zbekfilm» mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat ko‘rsatadigan markaziy kinokonsernga aylantirilishi haqida yozgan edi.