O‘zbekistonda chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan 11 ta zavod ishga tushiriladi

O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 11 ta zavod qurilishi rejalashtirilgan. Loyihalarning umumiy qiymati $1,558 mlrdni tashkil etadi. Bu haqda OAV uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Aziza Nazarova ma’lum qildi.
Yiliga 5,4 mln tonna chiqindi elektrga aylantiriladi
Birinchi va ikkinchi bosqichdagi loyihalar to‘liq ishga tushgach, yiliga 5,4 mln tonna qattiq maishiy chiqindi termik qayta ishlanadi. Natijada 2,2 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Zavodlar 2027 – 2028-yillarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Shuningdek, o‘qing: Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni boshqarish va ulardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi
Yana beshta zavod uchun $625 mln investitsiya kiritiladi
Loyihaning ikkinchi bosqichida $625 mlnlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga yana beshta zavod qurilmoqda.
Ular yiliga 1,9 mln tonna chiqindini qayta ishlab, 635 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Shuningdek, yiliga 158 mln kub metr tabiiy gazni tejash va issiqxona gazlari chiqindilarini 316 ming tonnagacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini maxsus fandomatlarga topshirish tizimi sinov tariqasida ishga tushirilgani haqida yozgan edi.