
O‘zbekistonda qizlar ko‘pincha mahrga oltin, kvartira yoki xorijiy avtomobil so‘raydi. Men esa Chevrolet Damas so‘radim. Buning beshta sababi bor.
- Damas — biznes uchun qulay avtomobil
- Damasni sotish osonroq
- Damas katta xarajat talab qilmaydi
- Damasning ichida joy ko‘p
- Damasni ayash shart emas
Damas — biznes uchun qulay avtomobil
Mahrning ma’nosi — turmushga chiqqan ayolga ma’lum darajada moliyaviy mustaqillikni ta’minlash. Oltinni sotish mumkin, Damas bilan esa katta sarmoyalarsiz kichik biznesni boshlab yuborish osonroq.

Damas quyidagi ishlar uchun ayniqsa mos:
- tovar tashish;
- kuryerlik xizmati;
- oilaviy biznes;
- do‘kon va bozorga mahsulot yetkazib berish.
Damas oddiy tijoriy furgon sig‘maydigan joylarga ham kirib boradi. Uni hatto hovliga qo‘yish yoki qisman yopilgan shlagbaumdan olib o‘tish ham mumkin.
Kichik o‘lchamlariga qaramay, avtomobilning kuzovi baland. Shu sababli bu mitti mikroavtobus ancha sig‘imli. Paketlar, mebel, qutilar, kir yuvish mashinasi yoki muzlatkich, oziq-ovqat va ichimliklarning kichik ulgurji partiyalari uchun joy yetarli.
Yukni uch tomondan ortish imkoniyati ham katta ustunlik. Masalan, yuklarni faqat orqa eshikdan emas, yon eshik orqali ham joylash mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, daromad olishni ertagayoq boshlash mumkin. Buni qanday qilish haqida bu yerda o‘qish mumkin.
Agar buning bilan ovora bo‘lishni istamasangiz, avtomobilni boshqa tadbirkorlarga ijaraga berish mumkin — bunga talab doim bor.
Damasni sotish osonroq
Agar zudlik bilan pul kerak bo‘lib qolsa, Damasga xaridor topish qandaydir Toyota Camry yoki Changan’ni sotishdan ko‘ra osonroq va tezroq bo‘ladi. Albatta, tushadigan pul unchalik katta bo‘lmaydi, ammo vaqt qimmat bo‘lsa, Damas ishni hal qiladi.

Endi pul masalasiga o‘tamiz. Hamkasbim Temur Djanzakov aniqlaganidek, 2000-yillarning o‘rtalarida ishlab chiqarilgan Chevrolet Damas’lar Sergeli avtomobil bozorida 20 mln so‘mdan sotilmoqda.
Yangirog‘i — qimmatroq.
2020–2022-yillardagi Damas’lar — 50–65 mln so‘m,
2023–2025-yillardagi avtomobillar — 60–85 mln so‘m.
Oldingi avloddagi Damas D2’lar esa 100–126 mln so‘m atrofida turadi, biroq 79 mln so‘mlik variantlarni ham topish mumkin.
Damas katta xarajat talab qilmaydi
Menga oilaviy byudjetning yarmini «yeb qo‘yadigan» mashina kerak emas. Mercedes, Maybach, Chrysler’larmi? So‘rashingiz mumkin, ammo yo‘q!
O‘zbekistondagi qizlar uchun eng muhimi — tejamlilik.
Damasning o‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 kilometrga 7 litr, gazda esa bundan ham kam. Taqqoslash uchun, nufuzli Toyota Land Cruiser 300 shaharda bundan ikki-uch barobar ko‘proq yonilg‘i sarflaydi.

Moyni vaqtida almashtirib, klapanlarni sozlab, osma qismlarni nazorat qilib tursangiz, Damas yuz minglab kilometr yo‘l bosishi mumkin. Oyga yetib borolmasa ham, Yer sharini aylanib chiqishga yetadi.
Agar bu «qorinli» mashina bir kun kelib buzila boshlasa ham, ehtiyot qismlarini deyarli istalgan avtoservisdan muammosiz topish mumkin.
Damasning ichida joy ko‘p
Katta oilalar — bizning ajralmas milliy qadriyatimiz. Katta oilalarga esa katta mashinalar kerak.

Damasda viloyatdan kelgan ko‘p sonli qarindoshlarni aeroportdan kutib olish, ota-onani boshqa shaharga olib borish, bolalarni buvi-bobosinikiga eltish, opangiz yoki singlingizning ko‘chishiga yordam berish yoki oilaviy bayram uchun bozorliklarni tashish mumkin.
Standart 2+3+2 joylashuvda avtomobilga yetti kishi bemalol sig‘adi. Biroz siqilishsa, hatto o‘n kishini ham joylashtirish mumkin. Taqqoslash uchun, Chevrolet Cobalt’ga atigi besh kishi sig‘adi.
Eski Damas’da haydovchi va old yo‘lovchi deyarli bir-biriga yopishib o‘tirardi. Yangi Move modelida esa bu muammo hal qilingan: salon kengaygan, o‘rindiqlarga o‘tirish ham qulaylashgan.
Damasni ayash shart emas
Bu changini artib, ustidan yengilgina puflab yuradigan avtomobil emas. Damasga bozordan sabzavot, ko‘chish paytida mebel, tovar qutilari, bolalar aravachasi, velosiped yoki qarindoshlarning buyumlarini yuklash mumkin.
Kuzovi tirnalib ketdimi? Mayli, hechqisi yo‘q. Muhimi — yurib tursin, g‘ildiraklari butun bo‘lsin.
Xullas, yo‘q, men aqldan ozganim yo‘q.

Shunchaki chiroyli, ammo foydasiz sovg‘a o‘rniga har kuni asqotadigan, hatto menga pul olib kelishi mumkin bo‘lgan narsani tanladim.