Toshkent metrosida yo‘qolgan 10 ming dollar egasiga qaytarildi

Toshkent metropolitenida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari $10 ming miqdoridagi pulni topib, qonuniy egasiga qaytardi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston fuqarosi Sergeli tumaniga avtomobil xarid qilish maqsadida kelgan. Biroq avtomobil xarid qilinmagan va fuqaro o‘zi bilan olib kelgan $10 mingni yo‘qotib qo‘ygan.
Pul metro hududidan topilgan
Yo‘qolgan pul metro hududida xizmat vazifasini bajarayotgan Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi tomonidan topilgan.
Shundan so‘ng zarur tekshiruv va aniqlash ishlari o‘tkazilib, pulning qonuniy egasi aniqlangan. $10 ming belgilangan tartibda unga to‘liq qaytarilgan.
Egasi pul yo‘qolganini mashina bozorida bilgan
Fuqaroning aytishicha, u «Olmazor» metro stansiyasidan Sergeli tomonga ketayotganida pul sumkasidan tushib qolgan bo‘lishi mumkin.
«Shoshib yugurib ketganimda $10 ming pulim tushib qolibdi. Pul yo‘qolganini mashina bozorida bildim. Metro va ichki ishlar xodimlari pulni topib, meni Face ID orqali qidirishibdi. Halol ekan, pul qaytib keldi. Hammalariga rahmat».
IIV ma’lumotiga ko‘ra, xodimlar pul egasini tezkor tarzda aniqlab, mablag‘ni unga topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Shahriston» bekatida metro poyezdi nosozlik sabab to‘xtab qolgani haqida xabar berilgandi.