Qirg‘iziston sobiq prezidentining o‘g‘li to‘rt yilga qamaldi

eʼlon qilindi
U ommaviy tartibsizliklarni tayyorlashda aybdor deb topilgan
Foto: CDN

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning o‘g‘li Qodirbek Atambayev to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U ommaviy tartibsizliklarni tayyorlashda aybdor deb topilgan. Bu haqda KyrTAG xabar berdi.

Sud hukmi e’lon qilindi

Bishkek shahrining Pervomayskiy tumani sudi 8-oktabr kuni Qodirbek Atambayevga nisbatan hukm chiqardi. Unga to‘rt yil qamoq jazosi va mol-mulkini musodara qilish jazosi tayinlangan.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ish 2025-yil noyabrida qo‘lga olingan bir guruh siyosatchilar va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan.

Ish bo‘yicha yana bir siyosatchi jazolandi

«Sotsial-demokratlar» partiyasi rahbari Temirlan Sultonbekov ham ushbu ish bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga to‘rt yil qamoq jazosi berildi, avvalgi hukmi hisobga olingach, yakuniy jazo yetti yil etib belgilandi.

Sud yana bir necha shaxs bo‘yicha ham qaror chiqardi. Sobiq deputat Kubanichbek Qodirov oqlandi. Jenish Abdirahmonov sakkiz yilga, Ermek Ermatov esa ikki yilga hukm qilindi, biroq unga nisbatan jazo probatsiya asosida qo‘llanildi. Qozog‘iston fuqarosi Serikbay Kubalanbek uuli jazodan ozod qilinib, Qozog‘istonga chiqarib yuborildi.

Ish nimadan boshlangan

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi 2025-yil noyabrida parlament saylovlaridan keyin ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi ish doirasida o‘n kishini qo‘lga olgan edi.

Dastlab gumondorlarga ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish ayblovi qo‘yilgan. Keyinchalik Qodirbek Atambayev va Temirlan Sultonbekovga nisbatan ayblov hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish moddasi bo‘yicha qayta malakalangan. Sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkazilgan.

Avvalroq 7-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida «Real Sanjik» taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimovning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha sud jarayoni yakunlangandi.

Shuningdek